XALQ IRODASINING NAMUNASI

Insonlar fazilati ulkan bunyodkorlikka moyil bo‘lsa rivojlanishga olib keluvchi inshootni barpo etadi. Ular mashaqqatli mehnatlari evaziga qurgan o‘sha inshoot turli sohalarni rivojlantirish bilan birgalikda tevarak-atrofdagi infratuzilmani yaxshilaydi. Buni bugungi ko‘rkam va so‘lim Qumqo‘rg‘on shahridagi Janubiy Surxon suv ombori misolida yozish o‘rinli. Chunki shaharga chiroy bag‘ishlab turgan ulkan suv inshooti, unga chambarchas qurilgan Sherobod magistral kanali, ko‘pgina binolar zamonaviy ko‘rinishlari bilan odamlarga zavq bag‘ishlayapti. Insonlarning aqli, mehnati bilan bunyod etilgan bu qulayliklar yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘ldi.

Bir vaqtlar yomg‘ir va sel suvlari Surxondaryo daryosiga quyilib, toshqin va shoshqin holda oqardi. Qirg‘oqlarini o‘pirib oqadigan daryo sanoqsiz ofatlarni ham keltirib chiqarardi. “O‘zsuvqurilish” boshqarmasi rahbarlari va mutaxassislari Surxondaryo daryosida Janubiy Surxon suv omborini qurish tashabbusiga to‘g‘ri yondoshib tabiiy ofat qiyinchiliklarni bartaraf qildi. Mutaxassislar suv ombori quriladigan yerda tuproq tarkibini aniqlab, qurilishning moliyaviy xarajatlari, ishchilar va texnikalar safarbarligini hisoblab chiqdi. Natijada Bobotog‘ yonbag‘ridagi Zarkamar-Xo‘jamulki to‘qayzori o‘rniga suv ombori qurilishi amalga oshdi. Ulkan bunyodkorlik ishlarida mahalliy aholi, qurilish ishlarini amalga oshirishga kelgan turli millat vakillari qatnashdi. Ular o‘sha paytdagi yirik taxnikalar hisoblangan “Lyubek” va “ZFM-2” rusumli motorli ekskavatorlar mehnatidan unumli foydalandi. Bu texnikalar vositasida qiya tepaliklar o‘pirilib, yuk tashuvchi mashinalarga yuklandi. Mashinalar tuproqlarni baland va uzun to‘g‘onni barpo etish uchun tashidi. Quruvchilar shu ishlar bilan bir vaqtda yer qazish, temir-beton inshootlarni bunyod etish ishlarini ham bajarildi.

Qurilishda texnikalarni boshqaradigan ishchilarning malakasi oshirildi. O‘sha paytda ilg‘or buldozerchi bo‘lgan Boris Aleksevich Tixomirov Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan kelib, ishladi. Unga 100 tonna og‘irlikdagi “ZFM-2” yer qazuvchi mashinani boshqarish ishonib topshirilganda mutaxassislik bo‘yicha malakasini oshirdi. U shu texnika ishlab chiqarilgan zavod jamoasi bilan o‘zaro munosabat o‘rnatib, ularning kerakli maslahatlarini tingladi. Ish jarayonida bu texnikani ishlatib, unda duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etish, mavjud texnik qismlarni takomillashtirish haqidagi fikrlarini mashina konstruktoriga aytib, takliflarini bildirdi. Uning fikr-mulohazalari inobatga olindi. Ilg‘or buldozerchi shu texinka yordamida 2 million kubometr tuproq ishlarini bajardi. Davlat rahbari Janubiy Surxon suv ombori qurilishida faol ishlagan, shaxsiy tashabbusi va jamoat ishlarida namunali faoliyat ko‘rsatgan ilg‘or buldozerchining g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotganligini munosib baholadi. Boris Aleksevich Tixomirovni “Mehnat qahramoni” unvoni bilan mukofotladi. U ikki marta Oliy Kengash deputatligiga saylandi. Keynchalik ham ish faoliyatini davom ettirgan qahramon buldozerchi Sankt-Peterburgda yashayotgan oilasini bu yerga ko‘chirib olib keldi. Ular tinch zamonning nashidasidan bahramand bo‘lib yashadi.

Yer zulfiga moviy ko‘rk bag‘ishlagan Janubiy Surxon suv ombori qurilishi 1959 yil noyabr oyida boshlandi. Bunyodkorlar qariyb 8 yil davomida ishlab, loyihada ko‘rsatilgan ishlarni sharaf bilan bajardi. 1967 yil oktabr oyida qurilishni yakunladi. O‘sha paytdagi qiymat bo‘yicha hisoblaganda bunyodkorlik ishlariga 29 million 336 ming so‘m sarflandi. Bu ulkan suv inshooti va Sherobod magistral kanalining qurilishi sug‘oriladigan yerlardagi ekinlarni sug‘orishni yaxshilash, qo‘shimcha ravishda yangi yerlarni o‘zlashtirish, yangi aholi yashash uylarini bunyod qilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish imkonini berdi.

Qumqo‘rg‘onning gavhari bo‘lgan “sun`iy dengiz” 57 yilgan buyon faoliyat ko‘rsatayapti. Bu suv havzasida baliqchilik bilan shug‘illanishga ruxsat berilib, aholini to‘yimli baliq mahsulotlari bilan ta`minlayapti. Suv omborida to‘plangan suvlar Surxon zaminidagi Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Sherobod, Muzrabot tumanlaridagi ekinlarni sug‘orishda foydalanilayapti. Yillar davomida qadrdon makonimizning gullab-yashnashi, tarovat taratishi, aholining to‘q va farovon yashashiga beqiyos hissa qo‘shilmoqda.

         N. MUHAMMADIYEV