O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida qonun ustuvorligi Ma’lumki, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar

Ma’lumki, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarga berilayotgan imkoniyatlar, yurtimizda tadbirkorlikning rivojlanishiga qaratilgan keng imkoniyatlar esa fuqarolarning farovon hayot kechirishlari uchun zamin yaratmoqda. Xususan, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hukm hamda qarorlarni qabul qilishda yangi Konstitutsiya qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Bu borada 2023 yil 23 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan – to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunda 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, 11 ta moddadan iborat tegishli o‘zgartirishlar asos bo‘ldi. Bunga qadar 1992 yildan buyon Konstitutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh Qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga hamda Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilandi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning asosiy yangiliklari avvalo O‘zbekiston – suveren demokratik huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti hamdir. Mamlakatimiz tashqi siyosati davlatlar suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa printsip va normalariga asoslanadi.

Bundan tashqari, Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi etib belgilandi. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Alohida ta’kidlash joizki, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining turli sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizning 47-moddasida “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas yoki uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi.” deya belgilab qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, ayni vaqtda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning asl mohiyati davlatimizning tinchligiga va iqtisodiyotni rivojlantirish hamda shu orqali xalq farovonligiga erishish uchun beqiyos xizmat qila oladi.

        A.            XOLMUMINOV,

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi