“BALLI  QIZLAR” VIKTORINASI

Tumandagi 33-maktabning faollar zalida “Balli qizlar” viktorinasi qiziqarli, qizg‘in bahslarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Maktab saralash bosqichida 8, 9, 10-sinflarning 12 nafar o‘quvchi qizlari bilimdonligi va topqirligini namoyish qildi. Ular uchta shart: Tanishtiruv, mantiqiy, ijtimoiy fanlar kesimida savol-javob, “Ilmni qadrlang. Ilm saodat kaliti” mavzusida taqdimot bo‘yicha g‘oliblikka erishish uchun sahnada o‘zaro musobaqalashdi. Viktorinaga tayyorgarligini amalda ko‘rsatdi.

Maktabning xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Safartosh Jo‘rayeva boshchiligidagi hakamlar hay`ati o‘quvchi qizlar namoyish etgan shartlarni bajarishini baholadi. Yakuniy natijaga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisi Ozoda Xolliyeva faxrli birinchi o‘rinni egalladi. 9-sinf o‘quvchilari Parvina Choriyeva faxrli ikkinchi, Lola Xudoyberdiyeva faxrli uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Ertalabki saf yig‘ilishida bu faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga faxriy yorliqlar va kitoblar sovg‘a sifatida topshirildi.

Maktab saralash bosqichida faxrli birinchi o‘rindan joy olgan o‘quvchi tuman bosqichida ishtirok etadi. Tumandagi maktablardan kelgan g‘oliblar ishtirokidagi viktorinada qatnashadi.

                                                                 Kumush RUSTAMOVA,

33-maktabning matematika-informatika fanlari o‘qituvchisi