RASULULLOH SALLOLLOHU ALAYHI VASALLAM VA USTUN VOQEASI HAQIDAGI MO‘JIZALARI

Imom Buxoriy boshliq bir necha hadis olimlari Hannona degan ustunga yig‘lagani xususida kelgan hadisni mutavotir debdurlar. Ya`ni, bu mo‘jiza juma namoziga minglab yig‘ilg‘on ko‘pchilik xalq o‘rtasida bo‘lgan ishdur. Bu to‘g‘rida hech qanday gumon yo‘qdur, bunga shak kelturmak kufr bo‘lur, chunki yuzlab, minglab sahobalar bu hadisni rivoyat qildilar.

Endi bu mo‘jiza shundog‘ erdikim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilib kelganlarida, dastlab bir masjid bino qildilar. Uning uzunligi yuz gaz, eni qirq gaz kelur edi. Bunga xurmo yog‘ochidan bir necha ustun qo‘yilg‘on edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har vaqt juma namozi o‘qisalar, shu ustunlarning biriga suyanib turib, shu yerda xutba o‘qib, xalqqa va`z aytur edilar. U kunlarda minbar qo‘yish rasm bo‘lmagan edi. Sahobalardan Tamimud–doriy raziyallohu anhu:

– Yo Rasulalloh, siz uchun bir minbar yasatsak, ustida va`z aytgudek bo‘lsangiz, qanday bo‘lur? – deb so‘radi.

Yaxshi bo‘lur, – deb ruxsat berdilar.

So‘ngra bir minbar yasashdi. Uni keltirib, imomning o‘ng tomoniga qo‘ydilar. Islom olamida eng avval yasalgan va masjidga qo‘yilgan minbar shul edi. Juma kuni kelgach, jamoat namozga yig‘ildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatlaricha xutba o‘qimoqqa turib, ustun oldidan to‘xtamay o‘tib ketdilar. Mana shu chog‘dayoq ul ustun ingray boshladi. Bo‘talog‘idan ajragan tuya singari bo‘zlagani turdi. Rasululloh minbar ustiga chiqib edilar, bola baqirgandek bo‘lib yana qattiqroq yig‘ladi. Silkinib ketib, yorilishga yaqinlashdi. Buni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol minbardan tushib ul ustunni quchog‘lab turdilar. Uzoqroq yig‘lab qolgan yosh bolani onasi olib ovutganda o‘ksib–o‘ksib yig‘lagandek, Rasululloh quchog‘larida turib, bu ustun ham shuning singari o‘ksib yig‘ladi.

Anda Rasululloh: Buning oldida har juma Alloh zikri aytilib, andin bahra olur edi. Shundan ajrab qolganiga yig‘laydi, – dedilar.

Buni ko‘rib sahobalar barisi yig‘lashgali turdi. Masjid ichi larzaga kelib yig‘i–sig‘iga turdi. Anda Rasululloh: Qasam Allohgakim, buning yig‘isini o‘zim kelib to‘xtatmasam, qiyomatgacha shu ahvolda bo‘zlab yig‘lar edi, – dedilar. Shundan keyin bu ustun oti «Hannona», ya`ni «Yig‘laguvchi» bo‘ldi. U yig‘idan to‘xtagach, unga Rasululloh aytdilar: Ey Hannona! Xohlasang qaysi chorbog‘dan seni kesib kelgan bo‘lsalar, o‘shal bo‘stonga eltib o‘ltirgizay, yangidan ildiz olib ko‘karursan. Agar buni xohlamasang, seni jannatga ko‘chat qilib o‘ltirgizurman. Jannat ahllari, Allohning do‘stlari mevangdan yegaylar, bu ikki ishdin birini ixtiyor qil, – deb uning javobiga quloq solib turdilar.

Anda ul: Yo Rasulalloh, meni jannatga ko‘chat qilib o‘ltirgizing, shuni xohlayman. Mening mevamni Allohning do‘stlari yegaylar, foniy dunyo bo‘stonida bo‘lishni istamayman, eskimaydigan jannatda turishni tilayman,- dedi. Bunga yaqinroq safda turgan sahobalar uning tovushini eshitdilar. Tilagini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham qabul qilib, jannatga eltib o‘tkizishga va`da qildilar.

Hazrat Hasan Basriy har qachon shu mo‘jizadan gapirgudek bo‘lsa, yig‘lab: Ey mo‘minlar, bu yog‘och ustun Rasulullohdan yiroqlashganiga shuncha yig‘lagan bo‘lsa, biz ummatlar ul zotning diydorlariga mushtoq bo‘lib qancha zor yig‘lar ersak, yana oz ekandur.

«Mavohib» degan kitobda aytibdurkim, Alloh taolo bu yog‘ochga jon berib tirgizdi, Rasululloh firoqida tirik kishidek tovush chiqarib yig‘ladi. Safardan kelgan kishi yoru do‘st, ahli ayollari quchoqlagandek, uni Rasululloh quchoqladilar, u bilan tiriklarga qilgandek muomala qildilar, o‘tgan payg‘ambarlarning hech biriga bundoq ulug‘ mo‘jiza berilmagan edi. Hazrat Iso alayhissalom Alloh izni bilan o‘likni tiriltirib mo‘jiza ko‘rsatgan bo‘lsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quruq ustunga jon kirgizib, u bilan so‘zlashdilar.

                                             Botir AMINOV,

Axadxon jome masjidi Imom xatibi.

Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixiy Muhammadiya” asaridan olindi.