INSON HUQUQLARINI BUZGAN JAZOLANDI

Mulkka egalik huquqi, avtomobil yo‘llarida harakatlanish, insonlarga yaxshi muomalada bo‘lish qonuniy asosda belgilangan. Barcha belgilangan tartiblarga rioya etishi kerak. Agar me`yorlarga amal qilmasa jazolanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida 2023 yil 14 sentabrda ochiq sud majlisi o‘tkazib shunday jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Voqea quyidagicha sodir etilgan. Qumqo‘rg‘on tumani “Xalqobod” mahallasida yashovchi sudlanuvchi P. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 2023 yil 9 iyulda kech soat 23.30 larda o‘ziga tegishli bo‘lgan VAZ 2106 rusumli 75 K 108 FA davlat raqamli avtomashinani boshqarib mehmondorchilikdan qaytayotgan. “Bobolochin” mahallasi hududidagi tepalikdan daryo ko‘prigigacha bo‘lgan masofada harakatlanayotganda “Yangiyer” mahallasidan “Uyas” mahallasidagi yashash uyiga ketayotgan fuqaro A. F. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) Damas rusumli  75 X 957 OA davlat raqamli avtomashinasida quvib o‘tib, bir-biri bilan “quvlashmachoq” holatda harakatlangan. Damas avtomashinasi haydovchisi P. R. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) to‘xta ishorasiga amal qilmadi. Jahli chiqqan huquqbuzar quvlashdan davom etib “Jolair” mahallasidan o‘tuvchi ichki yo‘lda ro‘parasidagi avtoulovdan o‘tib chetga qisib to‘xtattirdi. Damas avtomashinasining oldi o‘rindig‘ida o‘tirgan haydovchining yoniga borib yuziga qo‘llari bilan urib, qasddan tan jarohati etkazdi. Jabrlanuvchi avtomashinasidan tushib aholi yashash uyi tomonga qochdi. Zo‘ravon qora qilmishidan davom etib jabrlanuvchining avtomashinasidagi davlat raqamini yechib oldi, bozor narxi 2200000 so‘mlik “SAMSUNG A22” rusumli telefon apparatini olib ketdi. Bojasining harakarlanishidan xavotirlanib voqea joyiga kelgan “Samara” rusumli 10 B 192 GA davlat raqamli avtomashina haydovchisi janjal va uning oqibatlarini ko‘rdi. A. F (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) avtomashinasi yoniga qaytib kelganida davlat raqami va telefoni yo‘qligini ko‘rdi. Tuman IIBga ariza yozib murojaat qildi. Sudda Sud-tibbiy ekspertizasining 2023 yil 10 iyuldagi 425-sonli xulosasi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlari, jinoyat ishi hujjatlari, mavjud dalillar asosida jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm qilindi. Sudlanuvchi aybdor deb topilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ma`lum muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Hukm ijrosini nazorat qilish Qumqo‘rg‘on tuman IIB JXX Probatsiya guruhiga topshirildi.

                                                                                                                                 O. ERGASHYEV,

                                                  Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi