O‘qituvchilik sharafli kasb

Yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan kadrlarni xalqimizga yetkazib berish o‘qituvchilar va murabbiylar oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.

Mustaqilligimiz qo‘lga kiritilganidan beri ta`lim tizimiga alohida e`tibor qaratilib, yutuqlarga erishildi. Albatta, bu o‘zining mevasini bermasdan qolmadi. Ustozlarning mehnati evaziga yurtimizdan zabardast fan va madaniyat arboblari yetishib chiqdi. Ta`lim sohasining bilimdon, yosh avlodni kamolga etkazishda fidoyi insonlaridan biri  Gulasal To‘rayeva uzoq yillardan buyon xalqimizga beminnat xizmat qildi. U o‘zining uzoq yillik xizmati davomida ko‘plab bilimli va serg‘ayrat kadrlarni yetishtirdi. 1978 yilda tug‘ilgan, 1985 yilda 1-sinfga qabul qilingan bu inson 1995-yilda maktabni a`lo baholarga tamomlab oliy ta`lim muassasasiga o‘qish uchun hujjatlarini topshirdi.  O‘sha yilning o‘zidayoq Termiz davlat universitetining matematika fakultetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Talabalik davrlarida fanlarni o‘rganish bilan birga  sport musobaqalarida faol qatnashdi. Sportning gandbol turi bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. 1999 yilda Toshkentda o‘tkazilgan bellashuvda universiteti sha`nini himoya qilib yuqori natijaga erishdi.

Har jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan pedagog tumanimizdagi mehnat faoliyatida bilimlarni izchil tatbiq etdi. Aniq aytganda 1999 yildan 7-maktabda o‘quvchilarga matematika va geometriya fanidan dars bera boshladi. Shu bilan birgalikda sinf rahbari ham bo‘ldi. Uning ish faoliyati 2 ta maktabda amalga oshdi. 7 va 37-maktablarida o‘quvchilarga fanlarni sifatli va tushunarli o‘rgatdi. Fan o‘qituvchiligini sinf rahbarligi bilan chambarchas, uyg‘un holda bajardi. Yosh avlodga mehribon sinf rahbari bo‘lib ularning insoniy fazilatlarini rivojlantirdi. Geometriya va matematika fanlaridan fan olimpiadasiga tayyorlab tuman va viloyat bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Jonkuyar ustoz o‘qitgan o‘quvchilar Toshkent, Termiz, Samarqand kabi shaharlardagi ta`lim muassasalariga o‘qishga kirib, yurtimizga foydasi tegadigan kadrlar bo‘lib yetishib chiqmoqda. O‘z sohasining faoli o‘qituvchilik vazifasi qatorida onalik vazifasini ham a`lo darajada bajardi. 3 nafar farzandini oq yuvib, oq tarab bilimdon bo‘lishi uchun ta`lim-tarbiya dargohlarida o‘qitmoqda. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchilik e`tirof etishga loyiq muqaddas kasb hisoblanadi. Chunki barcha kasb egalarining maqsadlariga yetishishlarida ustoz-murabbiylarining xizmatlari beqiyosdir.

        G. NORMURODOVA