Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish masalalari muhokama qilindi

Qumqo‘rg‘on tumanidagi kriminogen vaziyat tahlil qilinganda joriy yilning 5 oyi davomida jami 116 ta jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 taga oshgan. Shuningdek, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar soni 19 taga yoki 35,2 foizga oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada tuman sektor rahbarlari, Ichki ishlar organlari hamda mahalla mas’ullari va profilaktika inspektorlarining hisoboti tinglandi.

Sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan 115 ta muhokama yig‘ilishlari o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, ularning 35 tasida sektor rahbarlari, xususan 16 tasida 4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i ishtirok etmagan. Ayollar, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaganligi qayd etildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini lozim darajada olib bormaganligi uchun tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘iga, “Uyas” mahallasi “Beshligi”ga, “Xalqobod” mahallasi raisi va pofilaktika inspektoriga, “Do‘stlik”, “Neftchilar”, va “Besh qahramon” mahallalari profilaktika inspektorlariga “xayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi.

Tumanda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 ta jinoyat qayd etilgan, shundan 2 tasi 10-sonli maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan. Jumladan, 2008 yilda tug‘ilgan ushbu maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati yuzasidan maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sinf rahbari va maktabga biriktirilgan inspektor-psixolog tomonidan biror marotaba profilaktik suhbat o‘tkazilmagan. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun maktab direktori, direktor o‘rinbosari va sinf rahbari hamda maktabga tuman IIBdan biriktirilgan inspektor-psixologni lavozimiga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha viloyat boshqarmalariga ko‘rsatmalar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati