Hududlarda ishsiz fuqarolarga takroriy ekin uchun yer maydonlari ajratish ishlari Qumqo‘rg‘on tumanida davom ettirildi. Tumandagi “Amuzang g‘allakori” fermer xo‘jaligi dalasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida tuman sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi mas’ullari, nuroniylar va fermer xo‘jaligi ishchilari hamda fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
G‘alladan bo‘shagan yer maydonlari kam ta’minlangan, “daftarlar”da turgan va ishsiz 15 nafar fuqaroga shudgorlangan, ekin ekishga tayyor holda, hosildor urug‘lar bilan birga 20 sotixdan ajratib berildi. Shuningdek, fermer xo‘jaligining ilg‘or dala ishchilari, suvchilar va kultivatorchilarga maishiy texnikalar topshirildi. Fermer xo‘jaligi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga 200 kilogrammdan bug‘doy berildi.
Tadbirda ehson uchun jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi. Yurt tinchligi, aholi farovonligi va yaxshi niyatlar bilan boshlangan ekinlar hosildorligini so‘rab duoga qo‘l ochildi.