Giyohvandlikka qarshi kurash: javobgarlik kuchaytirildi

Giyohvandlik bugungi kunda inson salomatligi, yoshlar kelajagi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgan global muammolardan biridir. Ayniqsa, sintetik giyohvandlik vositalarining tarqalishi va internet orqali noqonuniy savdoning kengayishi bu illatga qarshi kurashni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Giyohvandlik, eng avvalo, yoshlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday moddalarni iste’mol qilish inson salomatligiga zarar yetkazishi, ta’lim va mehnat faoliyatiga putur yetkazishi hamda turli huquqbuzarliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalari va boshqa xavfli moddalardan himoya qilish davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biridir.

2026-yil 11-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1151-son Qonun imzolandi. Mazkur hujjat giyohvandlik vositalari va boshqa xavfli moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, javobgarlikni kuchaytirish hamda yoshlarni himoya qilishga qaratilgan.

Voyaga yetmaganlarni himoya qilish — ustuvor vazifa

Qonunchilikka kiritilgan muhim yangiliklardan biri voyaga yetmagan shaxslarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ayrim kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganidir.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan 276¹⁰-modda voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Voyaga yetmagan shaxsni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki tegishli toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etish uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bunday qilmishlar ta’lim tashkilotlari, o‘quvchilar va talabalar yotoqxonalari, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hamda qonunda ko‘rsatilgan boshqa joylarda sodir etilsa yoki ayrim og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa, jazo besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etishi mumkin.

Noqonuniy tarqatishga qarshi qat’iy choralar

Qonun bilan Jinoyat kodeksining 273-moddasiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda «sotish» tushunchasi kengroq ma’nodagi «o‘tkazish» atamasi bilan ifodalandi.

Mazkur o‘zgarishning ahamiyati shundaki, giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda boshqa shaxsga yetkazish faqat pul evaziga amalga oshirilgan holatlar bilangina cheklanmaydi. Qonunga xilof ravishda bepul berish yoki boshqa shaklda o‘tkazish ham, tegishli jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa, huquqiy baholanishi mumkin.

Shu tariqa, noqonuniy tarqatishning turli ko‘rinishlariga huquqiy baho berish imkoniyatlari kengaytirildi. Bu esa giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish va qonunda belgilangan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jamoat joylarida iste’mol qilish ham javobgarlikka sabab

Yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilandi.

Bunday choralar jamoat tartibini saqlash, aholi salomatligini himoya qilish va, ayniqsa, yoshlar orasida zararli odatlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikda muhim ahamiyatga ega.

Jazo muqarrarligi — samarali kurash garovi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda qonuniy javobgarlik bilan bir qatorda, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish ham muhimdir. Oila, mahalla, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi yoshlarni ushbu xavfdan asrashga xizmat qiladi.

Yangi qonun bilan ayrim og‘ir narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish masalasiga ham cheklovlar kiritildi. Bu choralar og‘ir jinoyatlarning oldini olish va takroriy jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadiga qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu borada har bir fuqaroning mas’uliyati, oiladagi tarbiya, yoshlarning huquqiy savodxonligi va jamoatchilikning faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Zero, sog‘lom avlodni tarbiyalash va yoshlarni giyohvandlik balosidan himoya qilish barchamizning umumiy burchimizdir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi M. O‘roqov