Jamiyatda osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibiga rioya qilish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini hurmat qilish har bir insonning burchidir. Biroq ayrim fuqarolar tomonidan jamoat joylarida odob-axloq qoidalarini buzish, boshqalarni haqoratlash va fuqarolar osoyishtaligiga putur yetkazish holatlari uchrab turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasiga muvofiq, mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi boshqa xatti-harakatlar sodir etish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi D. D (shaxsi o‘zgartirilgan) 2026-yil 21-avgust kuni soat 15:00 larda «Xo‘ja Mirsaid Vali» qabristoni oldida qabriston qorovuli bilan o‘zaro tortishib qoladi. Janjal davomida D. D jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, haqorat qiladi va baqir-chaqir ko‘tarib, jamoat tartibini buzadi.
Sud majlisida D. D o‘z aybiga iqror bo‘lib, sodir etgan qilmishidan pushaymonligini bildiradi. U jabrlanuvchidan kechirim so‘raganini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidlab, oilaviy sharoitini inobatga olgan holda yengillik berishni so‘raydi.
Jabrlanuvchi sud majlisida voqea tafsilotlari yuzasidan ko‘rsatma berib, D. D uni haqorat qilgani va jamoat tartibini buzganini ma’lum qiladi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, unga nisbatan yengillik berishni so‘raydi.
Sud tomonidan ish materiallari va taraflarning ko‘rsatmalari o‘rganilib, D. Davlatovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan malakalandi. Sud qaroriga ko‘ra, unga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Hurmatli fuqarolar! Jamoat joylarida odob-axloq qoidalariga rioya qiling, atrofdagilarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qiling. Har qanday kelishmovchilikni haqorat va janjal orqali emas, tinch yo‘l bilan hal etishga intiling. Zero, jamoat tartibiga hurmat — jamiyat osoyishtaligining muhim garovidir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi B. Tagayev