Jamoat joyida ichkilik ichish — javobgarlikka sabab

Jamoat tartibini saqlash, aholi osoyishtaligini ta’minlash va yosh avlod uchun sog‘lom muhit yaratish jamiyatning muhim vazifalaridan biridir. Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish esa fuqarolarning osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, yoshlar tarbiyasiga nomaqbul ta’sir qilishi mumkin. Shu bois qonunchilikda bunday huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 187-moddasiga muvofiq, ish joylari, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, jamoat transportining barcha turlari va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. To‘ylar, yubileylar va boshqa tantana hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek, alkogol mahsulotlarini quyib sotishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari bundan mustasno.

Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha jarima solinishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Shunga qaramay, ayrim fuqarolar qonun talablariga rioya qilmay, jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishda davom etmoqda.

Xususan, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi T. T (shaxsi o‘zgartirilgan) ilgari ham jamoat joyida alkogol mahsulotini iste’mol qilgani uchun MJtKning 187-moddasi birinchi qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilib, jarimaga hukm qilingan. Biroq u bundan tegishli xulosa chiqarmasdan, 2026-yil 21-iyul kuni tumanning «Do‘stlik» mahallasi hududidagi ko‘chada, ya’ni jamoat joyida yana alkogol mahsulotini iste’mol qilib, huquqbuzarlikni takror sodir etgan.

Sud majlisida T. T o‘z aybiga iqror bo‘lib, sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, bunday holatni boshqa takrorlamasligini ta’kidlab, oilaviy sharoitini inobatga olgan holda suddan yengillik berishni so‘ragan.

Sud ish materiallarini o‘rganib, T. T O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 187-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan. Sud qaroriga ko‘ra, unga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Darhaqiqat, jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishga befarq qarash mumkin emas. Har bir fuqaro qonun talablariga rioya qilishi, o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyatni his etishi va atrofdagilarga namuna bo‘lishi lozim.

Hurmatli fuqarolar! Jamiyatda sog‘lom muhitni saqlash, yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish va jamoat tartibiga rioya qilish barchamizning burchimizdir. Keling, huquqbuzarliklarning oldini olishga birgalikda hissa qo‘shaylik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi M. O‘roqov