O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, MJtKning 187-moddasiga ko‘ra, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish huquqbuzarlik hisoblanadi. Bunday qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinishi mumkin. Qonunda belgilangan ayrim istisnolar, jumladan, to‘ylar, yubileylar, boshqa tantana va marosimlar o‘tkaziladigan joylar hamda alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari bundan mustasno.
Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, javobgarlik yanada kuchayadi. Bunda bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin.
Masalan, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi B. M (shaxsiy ma’lumotlari o‘zgartirilgan) ilgari jamoat joyida alkogol mahsulotini iste’mol qilganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, tegishli xulosa chiqarmagan. U keyinchalik jamoat joyida alkogol mahsulotini iste’mol qilib, huquqbuzarlikni takroran sodir etgan.
Sud muhokamasida B. M (ism familyasi o`zgartirilgan) o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan. Sud ish holatlarini inobatga olib, uni MJtKning 187-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari — 824 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlagan.
Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish nafaqat qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi, balki jamoat tartibi, fuqarolar osoyishtaligi va sog‘lom turmush tarziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni zararli odatlardan asrash va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish muhim vazifalardan biridir. Har bir fuqaro qonun talablariga rioya qilib, o‘z xatti-harakatining oqibatlarini anglab yetishi lozim.
Hurmatli fuqarolar! Jamoat joylarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qiling, sog‘lom turmush tarzini tanlang va jamiyat osoyishtaligiga o‘z hissangizni qo‘shing!
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi tergov sudyasi
M. O‘roqov