Sudlanganlik nima?

Sudlanganlik — shaxsning sodir etgan jinoyati uchun sud tomonidan hukm qilinganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs esa sudlanmagan deb e’tirof etiladi.

Sudlanganlik shaxs uchun doimiy huquqiy holat hisoblanmaydi. Qonunda belgilangan muddatlar o‘tishi yoki sudlanganlik olib tashlanishi natijasida uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 78-moddasida sudlanganlik holatining tugallanish muddatlari belgilangan. Jumladan, shartli hukm qilingan shaxslarda sudlanganlik sinov muddati tugagan kundan boshlab, majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish jazolari o‘tab bo‘lingach tugallanadi. Jarima jazosi ijro etilgandan so‘ng, muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach sudlanganlik tugallanadi.

Ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin ikki yil, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin to‘rt yil, besh yildan ortiq, lekin o‘n yilgacha bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin yetti yil, o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yilgacha bo‘lgan jazo o‘talganidan keyin esa o‘n yil o‘tgach sudlanganlik holati tugallanadi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 79-moddasiga muvofiq, ayrim hollarda shaxsning sudlanganligi belgilangan muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin sud tomonidan muddatidan oldin olib tashlanishi mumkin. Bunda shaxsning jazoni o‘taganidan keyingi xulq-atvori, unga ma’muriy yoki intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan-qo‘llanilmaganligi kabi holatlar hisobga olinadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda sudlanganlik amnistiya yoki afv etish asosida ham olib tashlanishi mumkin.

Jinoyat kodeksining 80-moddasiga ko‘ra, sudlanganlikning tugallanish yoki olib tashlash muddatlari asosiy va qo‘shimcha jazolar o‘tab bo‘lingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar shaxs sudlanganlik muddati tugamasdan yangi jinoyat sodir etsa, sudlanganlikni tugatuvchi muddatning o‘tishi to‘xtatiladi va keyingi hisob-kitob qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Sudlanganlik shaxsning jinoyat sodir etganligi va buning uchun sud tomonidan hukm qilinganligidan kelib chiqadigan huquqiy holat bo‘lib, u qonunda belgilangan muddatlar o‘tishi yoki sud tomonidan olib tashlanishi natijasida bekor bo‘ladi. Shu sababli jazo o‘tab bo‘lingandan keyingi davrda qonunlarga rioya qilish, yangi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik va ijobiy xulq-atvorni saqlash sudlanganlikning tezroq tugallanishi yoki olib tashlanishida muhim ahamiyatga ega.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi tergov sudyasi
M. O‘roqov