Giyohvandlik — yoshlar kelajagiga tahdid

Giyohvandlik bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng jiddiy ijtimoiy muammolardan biridir. Ayniqsa, sintetik narkotiklarning keng tarqalishi va ularning internet orqali yashirin ravishda tarqatilishi yoshlar uchun katta xavf tug‘dirmoqda.

O‘zbekistonda ham ushbu illatga qarshi kurashish, yosh avlodni giyohvandlikdan asrash va aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi muhim huquqiy qadamlaridan biri 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan O‘RQ-1151-sonli Qonun bo‘ldi. Mazkur qonun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Qonunning muhim jihatlaridan biri Jinoyat kodeksida “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida bobning shakllantirilganidir. Bu giyohvandlik bilan bog‘liq qilmishlarga nafaqat jamoat xavfsizligiga, balki aholi salomatligi va kelajak avlod genofondiga tahdid sifatida baho berilayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, yashirin narkolaboratoriyalar faoliyatiga qarshi kurashish maqsadida Jinoyat kodeksiga g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash uchun javobgarlik belgilovchi 276¹-modda kiritildi. Mazkur qilmish uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga mansabdor shaxslarning aralashuvi va bunday jinoyatlarga homiylik qilishi uchun ham qat’iy javobgarlik belgilandi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 276³-moddasi bunday qilmishlar uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy burchidir. Ayniqsa, ota-onalar, ta’lim muassasalari va jamoatchilik yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zararli illatlardan himoya qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga faol hissa qo‘shishi lozim.

Hurmatli yoshlar! Giyohvandlik bir insonning emas, butun oilaning va jamiyatning kelajagiga tahdid soladi. Sog‘lom hayot tarzini tanlang, noqonuniy narkotik vositalardan qat’iy voz keching va o‘z kelajagingizga befarq bo‘lmang!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B. Tagayev