Korrupsiya jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy rivojlanish va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan eng xavfli illatlardan biridir. Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur o‘zgartirishlar korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish hamda halollik tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha huquqiy kafolatlar yanada kuchaytirildi.
Qonunchilikdagi yangiliklarning muhim jihatlaridan biri shundaki, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi yanada mustahkamlandi. Bu esa qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat boshqaruvi tizimida adolat va halollik tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda har bir fuqaroning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yoshlarni halollik, adolat va qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish korrupsiyaning oldini olishning eng samarali vositalaridan hisoblanadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davlat xizmatlari sifatini oshirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zero, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va javobgarlikning muqarrarligiga erishish – adolatli, ochiq va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishning muhim shartlaridan biridir.
Nodirbek Fayziyev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi