Oilaviy zo’ravonlik – bu oila a’zolaridan birining boshqasiga nisbatan jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki jinsiy tazyiq o’tkazishi, uning huquq va erkinliklarini cheklashi bilan bog’liq salbiy holatdir. Bunday zo’ravonlik nafaqat jabrlanuvchining sog’lig’iga, balki butun oilaning ruhiy muhitiga va jamiyat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Oilaviy zo’ravonlikning eng ko’p uchraydigan ko’rinishlari jismoniy zo’ravonlik, haqorat va tahdid kabi ruhiy bosim, moliyaviy qaramlikni kuchaytirish orqali iqtisodiy zo’ravonlik hamda shaxsning roziligisiz sodir etiladigan jinsiy zo’ravonlikdan iborat. Har qanday ko’rinishdagi zo’ravonlik insonning sha’ni va qadr-qimmatini poymol qiladi.
Zo’ravonlikning oqibatlari juda jiddiy bo’ladi. Jabrlanuvchilar qo’rquv, tushkunlik, o’ziga ishonchsizlik va ruhiy iztiroblarni boshdan kechirishi mumkin. Oilada ulg’ayayotgan bolalar bunday muhitdan salbiy ta’sirlanib, ularning ruhiy rivojlanishi, ta’lim olishi va kelajakdagi munosabatlariga zarar yetishi ehtimoli ortadi.
Oilaviy zo’ravonlikning oldini olish uchun eng avvalo jamiyatda o’zaro hurmat, bag’rikenglik va mas’uliyat madaniyatini rivojlantirish muhimdir. Oila a’zolari muammolarni zo’ravonlik emas, balki muloqot va o’zaro tushunish orqali hal qilishga intilishi kerak. Ta’lim muassasalari, mahalla, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bu borada targ’ibot ishlarini kuchaytirishi, jabrlanuvchilarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko’rsatishi zarur.
Har bir inson xavfsiz va osoyishta oilada yashash huquqiga ega. Oilaviy zo’ravonlikka befarq bo’lmaslik, jabrlanuvchilarni qo’llab-quvvatlash va qonunlarga rioya qilish orqali sog’lom, ahil va baxtli jamiyatni barpo etish mumkin.
M.O`roqov,
Jinoyat ishlari bo`yicha Qumqo`rg`on tuman sudi tergov sudyasi