14-yanvar — O‘zbekiston Respublikasi Vatan himoyachilari kuni davlatimiz suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda xalqimiz tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari vakillariga chuqur hurmat va e’tirof ramzidir.
Bugungi kunda globallashuv sharoitida yuzaga kelayotgan turli tahdid va xavf-xatarlar milliy xavfsizlik masalasini davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida yuksak professional darajada o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarib kelmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish, harbiy boshqaruv tizimini takomillashtirish, shaxsiy tarkibning jangovar shayligi va ma’naviy-axloqiy salohiyatini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, uy-joy bilan ta’minlanishi, tibbiy xizmat sifati hamda ularning oila a’zolariga yaratilayotgan sharoitlar davlat e’tiborining amaliy ifodasidir.
Vatan himoyasi bugun nafaqat qurolli tayyorgarlik, balki axborot xavfsizligi, ma’naviy barqarorlik va fuqarolik mas’uliyatini o‘zida mujassam etgan kompleks tushunchaga aylangan. Bu esa har bir fuqarodan qonunlarga sodiqlik, yurt taqdiriga befarq bo‘lmaslik va milliy manfaatlarni himoya qilishda faol pozitsiyani talab etadi.
Vatan himoyachilari — yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan ishonchli tayanchdir. Ularning mardligi, sadoqati va yuksak intizomi tufayli O‘zbekiston bugun tinch, barqaror va taraqqiyot sari dadil odimlamoqda.
ISLOM RAMAZONOV,
MTDP SURXONDARYO VILOYATI KENGASHI BOSH MUTAXASSISI