KUTUBXONA – MA’RIFAT MASKANI,  KELAJAK POYDEVORI

     Kutubxona — bu shunchaki kitoblar saqlanadigan joy emas. Bu, aslida, inson tafakkuri, qalbi va ruhiy olami tarbiyalanadigan, boyitiladigan muqaddas maskan. Bu yerda har bir kitob — jim turib so‘zlaydigan, har bir sahifa esa yurakda iz qoldiradigan mehrli ustozdir. Kutubxona — sukunatda jaranglaydigan bilimlar ovozi, fikrlar jangining maydonidir.

     Qadim zamonlardan beri kitob va kutubxona xalq taraqqiyotining kaliti bo‘lib kelgan. Movarounnahrda kutubxonalar madrasalarning yuragi hisoblangan, u yerda bilimli zotlar, donishmandlar kitob yozgan, nusxa ko‘chirgan, bahs-munozaralar qilgan. Ibn Sino, Beruniy, Forobiy singari mutafakkirlar bilimni kutubxonalardan olib, uni butun insoniyatga tuhfa qilganlar.

     Zamonaviy dunyoda kutubxonalarning roli o‘zgargan bo‘lsa-da, ahamiyati yo‘qolmagan. Aksincha, raqamli dunyo shovqinida tinchlik izlagan ko‘plab yoshlar uchun kutubxona — haqiqatni topish, o‘zini anglash va o‘rganish uchun eng qulay makondir. Internet orqali ko‘plab ma’lumot olishimiz mumkin, lekin ularning barchasini ham ishonchli deb bo‘lmaydi. Ammo kutubxonadagi har bir kitob — tekshiruvdan, tahrirdan o‘tgan, ilmingizni boyitadigan ishonchli manbadir.

     Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazida ham kitobxonlik targ‘ibotiga oid turli amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning 10-maydan-10-iyungacha “Farovon oila sirlari” shiori ostida kitobxonlik oyligi o‘tkazilmoqda. Ushbu oylikda faol kitobxon oilalar ishtirokida “Oila – muqaddas”, “Oilaviy an’analar”, “Oila — ma’naviyatning mustahkamligi”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Oilaga sharqona sadoqat” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda namunali oilalar xonadonlarida “Oila maktabining ustozlari” mavzusida suhbatlar o‘tkazib borilmoqda.

        Kutubxona — faqat ilm emas, tarbiya makoni hamdir. U odamga sabrni, tinglashni, mulohaza qilishni o‘rgatadi. U o‘quvchiga jiddiylik baxsh etadi, uni fikrlashga undaydi. Bilimli, ongli insonning kelajagi ham porloq bo‘ladi.  

Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Maqsuda G‘anieva