Korporativ munosabatlarda byurokratiyaning oldi olinadi
Qonun (O‘RQ-1025-son, 07.02.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonunga ko‘ra, ayrim qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda: unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat shakllarini tugatish; yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali qayta tashkil etishda korxonalarning huquq va majburiyatlari topshirish hujjatida aks ettirilgan yoki aks ettirilmaganligidan qat’i nazar qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsga o‘tkazilishi; korporativ shartnoma, konsorsium va konsorsium shartnomasi kabi institutlarning huquqiy maqomini belgilash; mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi talabni bekor qilish; xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining aksiyalar, korporativ obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarini huquqiy hujjatlarga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor etish; qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya berilganligiga taalluqli axborotni e’lon qilish.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i S.Mengliqulov
Bolalarda nogironlikning oldini olishga ko‘maklashuvchi tizim yaratiladi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-41-son, 03.02.2025 y.) qabul qilindi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi
“Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-41-son, 03.02.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025 yil 1 oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
2025 yil 1 martdan kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsientni qo‘llash orqali aniqlanadi.
Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun yuqorida ko‘rsatilgan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi F.Mamatov
Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi tashkil etiladi
“Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-18-son, 03.02.2025 y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, yer uchastkalarini ajratish ishlari 2025 yil 1 martgacha to‘liq yakunlanadi.
Yangi tizim birinchi bosqichda 2025 yil bahorgi ekish mavsumigacha belgilangan hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025 yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi.
Yangi tizim samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilgan holda, zaruratga ko‘ra, uni 2025 yilgi kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarga ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritib boriladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
“Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi”;
-belgilangan hokimliklar huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” davlat korxonalari.
Organik mahsulotlar yetishtirish uchun Global G.A.P, GMP, FSCC, HACCP, Halal, Organic va boshqa xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarni olgan dehqon, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun 2028 yil 1 yanvargacha yer solig‘i 50 foiz miqdorida to‘lanadi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi O.Xursandov
“Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-18-son, 03.02.2025 y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi. Yangi tizim doirasida: yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion”da savdolarga chiqariladi; elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin. Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi – ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi, jumladan: yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish; qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash; yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish; dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlarni joylashtirish.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi S.Choriev
Davlat chegarasida jismoniy shaxslarning harakatlanish jarayonlari yanada soddalashtiriladi
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali jismoniy shaxslar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (44-son, 29.01.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktidan harakatlanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Bunda xizmatdan foydalanish uchun vakolatli shaxs Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonalarida navbat olishi mumkin.
Avtotransport vositasi navbatlarni boshqarish tizimida belgilangan vaqtda yetib kelmaganda, olingan elektron navbat o‘z kuchini yo‘qotadi. Shuningdek, qarorga ko‘ra, “Jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktidan harakatlanishida “Fast-track” xizmatidan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxsning vakili Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali harakatlanishdan oldin elektron yoki o‘tkazish punktiga harakatlanish chog‘ida og‘zaki ravishda murojaat qiladi.
Xizmatdan foydalanadigan shaxslar hamda ularning qo‘l yuki va bagajlari nazorati ushbu xizmat uchun ajratilgan alohida joylarda davlat nazorati organlari tomonidan navbatsiz amalga oshiriladi, mazkur xizmatdan foydalanayotgan jismoniy shaxslar navbati bundan mustasno. Xizmatdan foydalanganlik uchun to‘lov 18 yoshga to‘lgan har bir jismoniy shaxs uchun navbat olinadigan kundagi BHMning 15 foizi miqdorida to‘lanadi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi Sh.Bo‘ronova
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjiri rivojlantiriladi
“To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-6-son, 16.01.2025 y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, 2025–2027 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
-mahsulotlar eksportini 2025 yilda 4,0 milliard AQSh dollariga, 2026 yilda 5,0 milliard AQSh dollariga va 2027 yilda 7,0 milliard AQSh dollariga yetkazish;
-AQSh va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor mahsulotlar eksportini 500 million AQSh dollariga yetkazish;
-ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy qilish hamda xalqaro brendlarni jalb qilish orqali jami eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushini 70 foizga yetkazish;
-ip-kalavani chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish maqsadida 5,0 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilish. To‘qimachilik tarmog‘ida qayta ishlashni chuqurlashtirish uchun qulay moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida belgilangan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro “marketpleys”larda targ‘ib qilish, joylashtirish va reklama qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturi amalga oshiriladi. “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ huzurida faktoring tashkiloti tashkil etiladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi S.Yusupov
Huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasi samaradorligi oshiriladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-sonli qarori qabul qilindi.
Ijtimoiy profilaktika – huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli bo‘lganlarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam ko‘rsatish.
Ijtimoiy profilaktikani samarali amalga oshirish uchun:
-ma’muriy huquqbuzarlik “E-ma’muriy ish”da ro‘yxatdan o‘tganda huquqbuzar (jabrlanuvchi)larga avtomatik ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish bo‘yicha xulosa ijroga qaratiladi;
-har bir xulosa ijrosi ustidan kunlik nazorat o‘rnatiladi;
-har bir xulosa ijrosi ustidan kunlik nazorat o‘rnatiladi “mahalla yettiligi” va ko‘maklashuvchilarning faoliyati (KPI) ijtimoiy profilaktika natijalari asosida baholanadi.
Mahalla raisi “mahalla yettiligi” va mahallaga biriktirilgan davlat organlari bilan ijtimoiy profilaktika tadbirlarini tashkil etadi Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda kamida ikkitadan “namunali xavfsiz ko‘cha” va beshtadan “namunali xavfsiz yo‘lak”lar tashkil qilinadi. «Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz yo‘lak”larni tashkil qilgan, kriminogen vaziyati barqarorlashgan “mahalla yettiligi” va sektor rahbarlari hokimliklar tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantiriladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi M.Norboev
Kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-sonli Qarorga muvofiq, viloyatlar markazlari va kriminogen vaziyat og‘ir tuman (shahar)lar mahallalarida profilaktika kichik inspektori faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Kichik inspektor mehnat migrantlari, maktab bitiruvchilari va talabalar bilan ishlaydi.
-Ichki ishlar organlarida migratsion profilaktika bo‘linmalari, tumanlararo ma’muriy konvoy guruhlari tashkil qilinadi.
-Sinov tariqasida kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga oid hujjatlarni o‘rganib, tarkibida ma’muriy huquqbuzarlik bo‘lgan holatlar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtiradi.
-Mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unga profilaktika (katta, kichik) inspektorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, probatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritiladi, Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmalarining naryadlari xizmat olib borishi tashkil etiladi.
-Natijada – 5 tagacha mahalla mikrohududga birlashtiriladi va jinoyatchilik oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimi yaratiladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi K.Ashurov
2025 yil 3 yanvarda “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-1-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, mas’ul idoralar va muassasalar uchun 2025 yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo‘l xaritalari hamda 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, Dastur va “yo‘l xaritalari”ning ijrosini nazorat qilib borish uchun Bosh prokuratura huzurida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuziladi.
Endilikda, jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishlar o‘tkaziladi. Barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlariga 2025 yilda kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar nomma-nom biriktiriladi.
Mas’ullar faoliyati har oy yakunida – ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida Prezidentga axborot berib boriladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi O‘.Shaymanov
Kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi
Aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy qilinadi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-12-son, 17.01.2025 y.) qabul qilindi
Qarorga muvofiq:
2025 yil 1 fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.
2025 yil 1 maygacha ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi. Mazkur tizim 2025 yil 1 fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.
Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi A.Choriev
Kambag‘al oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratiladi
Aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy qilinadi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-12-son, 17.01.2025 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, og‘ir toifadagi 300 ta mahallada kooperatsiya asosida 180–500 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etiladi. 2025 yil 1 apreldan 2028 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.
Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun BHMning 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji negizida 2025 yil 1 dekabrgacha kreativ sohalar klasteri tashkil qilinadi.
Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida:
2025 yil 1 fevraldan ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi;
2025 yil 1 martdan aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi; 2025 yil 1 apreldan 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi boshlig‘i S.Qudratov
Aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy qilinadi
“2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-12-son, 17.01.2025 y.) qabul qilindi Qarorga ko‘ra, 2025 yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda uning doirasida maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
-2025 yilda Dastur ijrosi doirasida 5,2 million aholini ish bilan band qilish hamda daromadli mehnat bilan ta’minlash maqsadida ayrim tashkilotlar mas’ul etib belgilandi.
-2025–2026 yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda parrandachilik sohasida kooperatsiya tizimida zamonaviy so‘yish korxonalari (kushxonalar) va muzlatkichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli jo‘jalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga olgan tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi.
-2025 yilda kambag‘al oila a’zolarini jalb etgan holda:
-20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxt turlaridan iborat o‘rmonlar barpo etish, ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish loyihalari amalga oshiriladi;
-jami 100 gektar yer uchastkalarida brussonetiya daraxtini yetishtirish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.
-2025 yil 1 iyuldan “Ekofaol fuqaro” platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.