Ona tabiatni asrash — sog‘lom turmush kafolati

Muqaddas tuproq, musaffo havo, zilol suv, o‘z nurini saxiylik ila sochayotgan quyosh – barcha-barchasi tabiatning betakror mo‘jizasi. Inson tug‘iliboq ushbu ne’matlardan bahramand bo‘ladi. Shuning uchun ham uni ona tabiat deb ataymiz. Ona tabiatni, atrof muhitini asrab avaylash bizning asosiy burchimizdir.

Shu bois, har yili butun dunyoda 5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan ekologik muammolarni bartaraf etish, ona tabiatning sofligi, tabiiyligini asrab-avaylash va kelgusi avlodga butunligicha yetkazish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga moslashish, bioxilma-xillikni asrash, chiqindilarni boshqarishga qaratilgan qator muhim strategik hujjatlar qabul qilindi.

Ona tabiatni asrab-avaylash, uni muhofaza qilish hamda tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish, ayniqsa, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida salmoqli ishlar bajarildi. Markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturlar qabul qilindi.Aytish joizki, mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlarni samarali hayotga tatbiq etilishida O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda uning parlamentdagi fraksiyasining o‘rni va roli beqiyos.

Bugungi kunda partiyamiz jamiyat hayotini isloh etish, yanada barqarorlashtirish, ekologik muammolarga yechim topish, yashil iqtisodiyot va yashil taraqqiyot masalalarini ilgari surish hamda xalq farovonligiga xizmat qiluvchi katta maqsadlarni amalga oshirishda sobit turib, aniq natijalarga erishmoqda.

Umuman olganda, ona-tabiatni asrash, uning boyliklaridan oqilona foydalanish muhim vazifa hisoblanadi. Yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlarining o‘ziyoq vaziyat naqadar jiddiy tus olayotganidan dalolat beradi. Shunday ekan, ushbu kunda barchamiz birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona yerimizni asrab qolishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.

Alijon Musayev,

O`zbekiston ekologik partiyasi tuman partiya tashkiloti raisi