Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilarining iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etishdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Hokim yordamchilari tomonidan aholining daromad manbalarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mahallalar taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda.
“G‘alaba” mahallasida ham hokim yordamchisi tashabbusi bilan amalga oshirilgan qator iqtisodiy loyihalar aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, zamonaviy issiqxonalarning tashkil etilishi, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish tizimining yo‘lga qo‘yilishi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar sonining ko‘payishi mahallaning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mahallada issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish jarayoni
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. “G‘alaba” mahallasida Abduxoliq Omonov tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida aholining aksariyat qismi tomorqa yerlariga ega bo‘lsa-da, ulardan foydalanish darajasi yetarli emasligi aniqlangan.
Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilib, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘mak berildi. Fuqarolarga imtiyozli kreditlar olish, subsidiya va davlat dasturlaridan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Natijada mahallada bir qator zamonaviy issiqxonalar barpo etildi va ularda yil davomida sabzavot hamda poliz mahsulotlari yetishtirish imkoniyati yaratildi.
Issiqxonalarning tashkil etilishi nafaqat aholi daromadlarini oshirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qildi. Mahallada faoliyat boshlagan issiqxona xo‘jaliklari natijasida ko‘plab fuqarolar doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Bu esa o‘z navbatida aholi bandligini oshirish va oilalar iqtisodiy ahvolini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Hokim yordamchisining tashabbuskorligi va tashkilotchilik faoliyati
“G‘alaba” mahallasida erishilgan natijalarning asosiy omillaridan biri hokim yordamchisining tashabbuskorligi va aholi bilan tizimli ishlash faoliyati hisoblanadi. Abduxoliq Omonov tomonidan fuqarolarning ehtiyojlari muntazam o‘rganilib, ularning biznes g‘oyalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqildi.
Mahalla fuqarolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, seminarlar va amaliy suhbatlar orqali tadbirkorlikning afzalliklari keng targ‘ib qilindi. Ayniqsa, ishsiz fuqarolar, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada ko‘plab fuqarolar o‘z faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldilar.
Abduxoliq Omonovning amaliy yordami asosida fuqarolarga biznes-reja tuzish, kredit mablag‘larini jalb etish, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda mahsulotlarni bozorga chiqarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Bu esa tadbirkorlik subyektlari sonining ortishiga va iqtisodiy faollikning kuchayishiga zamin yaratdi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar sonining ortishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati
Mahallada tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi natijasida yakka tartibdagi tadbirkorlar soni sezilarli ravishda ko‘paydi. Bugungi kunda fuqarolar savdo, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, chorvachilik, parrandachilik hamda issiqxona xo‘jaligi kabi turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.
Yakka tartibdagi tadbirkorlikning rivojlanishi mahalla iqtisodiyotining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Bir tomondan, fuqarolarning daromadlari oshayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yangi ish o‘rinlari yaratilishi natijasida ishsizlik darajasi kamaymoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining kengayishi mahallada xizmatlar sifati va mahsulotlar xilma-xilligining ortishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, issiqxona xo‘jaliklari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning soni ortib borayotgani mahallada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Natijada ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda mahalliy iqtisodiyotning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Soatov G`ayrat,
TerDU talabasi