Fidoyi xodimlar

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati — har bir fuqaroning muammosini tinglash, unga yechim topish va xalqni rozi qilishdan iborat. Bu borada eng quyi boʻgʻin boʻlmish mahalla tizimi boshqaruvida yangicha yondashuv faoliyati yoʻlga qoʻyilganki, bu tizim bugun oʻzining yuksak samarasini bermoqda. Shoʻrchi tumanidagi Olatemir mahallasida hamjihatlikda ishlayotgan mahalla aʼzolarining faoliyati bunga yaqqol misoldir.Bu borada yangi tizim asosida ishlayotgan hokim yordamchisining mehnati tahsinga loyiq. Ular har bir xonadon eshigini qoqqan holda, oilalarning ichki imkoniyatlarini, xohish va istaklarini oʻrganmoqda.Boʻsh yotgan tomorqalardan unumli foydalanish, issiqxonalar tashkil etish, chorvachilik va parrandachilikni yoʻlga qoʻyish uchun fuqarolarga imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratib berilmoqda. Bugun mahalladagi oʻnlab oilalar oʻz hovlisida kichik korxona yoki daromad manbaini yaratgan. Ilgari “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlar bugun oʻzlari boshqalarga ish oʻrni yaratayotgan tadbirkorlarga aylanishmoqda.“Bizning asosiy vazifamiz — insonga baliq berish emas, baliq tutishni oʻrgatish, — deydi mahalla hokim yordamchisi. — Kimningdir tomorqa qilishga gʻayrati bor edi-yu, mablagʻi yoʻq edi. Biz ularga davlat koʻmagini yetkazdik. Bugun oʻsha oilalar yerdan yiliga 2-3 marta hosil olib, tuman bozorlarini arzon va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlamoqda. Odamlarning daromadi oshib, turmushi farovonlashayotganini koʻrish — biz uchun eng katta baxt”.Xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining hamkorligi mahallaga yangicha energiya olib kirdi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan mahalladagi 16-umumtaʼlim maktabida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, hunarmandchilik va zamonaviy AKT sohalariga jalb qilish boʻyicha toʻgaraklar muntazam ishlamoqda.

Oltiboyeva Munisa,
TerDU talabasi