MIZOJ

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda).

PARHEZ

Parhez deganimiz kasalni davolash jarayonida ziyon qiladigan ozuqalarni yeyishdan saqlanishdir.

Parhez  ovqatlar  bilan  davolashning  muhim jihati, agar kasal davolanish jarayonida tanasiga ziyon qiladigan taomlarni yesa, dorining ta’siri yo‘qqa chiqadi va kasali og‘irlashib ketadi hamda mizojni rostlash mumkin bo‘lmay qoladi. Masalan, shakar yeyish. Qandli diabetga chalingan kasal tabib man qilgan narsalarni yeyaversa, nafaqat kasali og‘irlashadi, balki hayoti ham xavf ostida qoladi. Miya qon tomir otishi kasaliga giriftor bo‘lgan inson hayvonot yog‘ini davomli yesa miya tomirlari to‘silib, falajlik kelib chiqishi mumkin. Demak, parhez  kasallikni  davolashning  yarmini  tashkil qiladi.

Parhez buyurish kasalga ishlatiladigan dori va taomlarning shifo unumini ko‘tarib, kasal og‘irlashib qolishining  oldini  olishga,  davolash  jarayonini qisqartirishga,  mizojni tezroq  me’yorlashtirishga, badan quvvatini asliga jadal keltirib, salomatligi yaxshilanishiga yordam beradi.

Parhez  buyurishning  muhim  jihatlari  quyidagilardan iborat:

Isitmali kasallarga go‘sht, yog‘, tuxum, shakar, turli pishiriqlar va qovurilgan ovqat hamda kalla-pochalardan tiyilish buyuriladi. Qon bosimi yuqori va miya qon tomiri xastaligiga duchor bo‘lgan kishilar hayvon yog‘i, semiz go‘sht, tuxum, sariyog‘, paxta yog‘i, sigir go‘shti kabi taomlardan parhez qilishi lozim.

Asab  kasallar,  uyqusizlikka  uchraganlar  quyuq choy, qahva, lozi (achchiqlar), sirka, chuchmal ta’mli  ovqatlar  va  o‘tkir  ichimliklardan  parhez qilmoqlari lozim.

Yurak  kasali  bor  kishilar  semiz  go‘sht,  tuxum,  hayvon  miyasi  va  o‘tkir  taomlardan  parhez qilmoqlari lozim.

O‘pka kasali bor kishilar lozi (achchiq), sirka, tamaki, issiq ovqatlar, o‘tkir va chuchmal ta’mli taomlardan parhez qilishlari lozim.

Oshqozon  va  ichak  kasalliklari  bor  kishilar qattiq, yirik, achchiq va chuchmal ta’mli yemaklardan, paxta yog‘i, ho‘l mevalar, somsa, go‘shtli non, qovurma, manti, lag‘mon kabi ovqatlardan parhez qilmoqlari lozim.

Jigar kasali bor kishilar yog‘, semiz go‘sht, kalla-pocha, sirka, achchiq va o‘tkir taomlardan, ba’zi meva, mag‘iz kabilardan tiyilish buyuriladi.

O‘t xaltasi yallig‘langan va o‘tida toshi bor kasallar tuxum, semiz go‘sht, hayvon yog‘i va o‘tkir taomlardan saqlanish buyuriladi.

Buyrak kasali borlar tuzni ko‘p iste’mol qilishdan, yuqori  sifatli  bug‘doy  uni  va  go‘shtli  ovqatlardan saqlanmog‘i lozim.

Qandli diabet kasali borlarga kepaksiz bug‘doy uni, qand-qurs va barcha shirin ta’mli meva-chevalardan parhez qilish hamda ko‘p iste’mol qilmaslik buyuriladi.

So‘ngak, bo‘g‘in kasaliga yo‘liqqanlar olma, o‘rik kabi yelli mevalardan, go‘sht, ayniqsa, sigir go‘shti, piyoz, achchiq, suv, paxta yog‘i kabilardan saqlanishi, mayda bo‘g‘in og‘rig‘i borlar yuqoridagilardan tashqari, jigar, buyrak kabilarni ham iste’mol qilmasliklari lozim.

Teri  kasaliga  chalinganlar  chigit  yog‘i,  sigir, echki  go‘shtlari, lozi,  achchiq,  suv  va  chuchmal ta’mli ovqatlardan parhez qilmoqlari lozim.

Badanidan qon chiqayotgan (burun, bachadon, ichak kabi a’zolari qonayotgan) kishilar issiq ovqat yeyish, achchiq choy ichish, qonni jonlantiradigan va badanni qizitadigan taomlar tanovul qilishdan o‘zlarini tiymoqlari lozim.

Ba’zi tiqilma xarakterli va surunkali kasalliklarning  sog‘ayish  bosqichida  badanning  yukini og‘irlashtirmaslik uchun g‘izo (ovqat)ni muvofiq ozaytirish va cheklash usuli ham qo‘llaniladi. Umuman,  yuqoridagidek  parhez  buyurish,  ayniqsa, buyrak kasaliga tuzdan parhez qilishdek usullar kasalning  ahvoli  yaxshilangandan  keyin  asta-sekin amaldan qoldiriladi. Bo‘lmasa, uzoq vaqt parhez buyurilgan kasallarning badanida ba’zi oziq moddalarning yetishmasligi kelib chiqadi. Badanni zaiflashtirib qo‘yishi, hatto boshqa bir kasalni keltirib chiqarishi mumkin.

Parhez buyurilgan kasallarga ziyonli narsalardan parhez  qilinayotgan  davrda  kasalning  yaxshilanishi uchun foydali bo‘lgan ozuqalarni muvofiq miqdorda orttirib borish tavsiya qilinadi.

MEVA VA O‘SIMLIKLAR

Abu Jahl tarvuzi (achchiq tarvuz)

Mizoji: uchinchi darajada issiq va quruqdir.

Foydalari: erituvchi, parchalovchi va uzoqdan tortuvchi.

Yashil yaprog‘i esa qon oqishini to‘xtatib, shishlarni shimdiradi va yetiltiradi. U buyrak va va qovuq kasalliklariga ham ta’sirlidir.

Zarari: uning po‘stini va urug‘ini ishlatish mumkin emas. Abu Jahlning ko‘kligi tamom ketib, sarg‘aya boshlamaguncha uzib bo‘lmaydi, u o‘sha paytda juda zararli va o‘ldiruvchan bo‘ladi. Uning bir tupda tanho o‘sgan danagi ham zararlidir. Ichgan kishini bezovta qiladi va hatto o‘ldirishi mumkin.

Ajriq

Tabiati: birinchi darajada sovuq va quruqdir.

Ta’siri: burishtiruvchi quvvatga ega bo‘lib, achishtiruvchi hamdir. Uning shirasi yomon moddalarning ichki a’zolarga oqishini to‘xtadi, qandli diabet kasalliklariga foyda.

Zarari: oshqozonda balg‘amli yallig‘lanish kasalliklari, qon ketish va kamqonlikda hamda umumiy tanada sovuqlik oshib ketganda ziyon qiladi.

Ananas

Mizoji: sovuqroq va ho‘l.

Ta’siri:  eti  hazm  qilish  jarayonini  yaxshilagani sababli uni hazm jarayoni buzilgan noinfektsion holatlarda iste’mol qilish foydali.

Zarari:  ananasning  tarkibida  10-15  foiz  shakar bor, shu sababli qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar kam iste’mol qilganlari ma’qul.

Anjir

Mizoji: qizil anjir biroz issiq. Ho‘l anjirda suv ko‘p bo‘lib, dorilik ta’siri oz. Pishmagan anjir tozalovchi bo‘lib, biroz sovuqlikka moyil, lekin suti unday emas. Quruq anjir esa birinchi darajada issiq va shu darajaning oxirida latifdir. Anjir yaprog‘ining shirasi kuchli qizituvchi va tozalovchidir.

Foydasi:  anjirning  eng  yaxshisi  va  yengili  oqi bo‘lib, undan keyin qizili va qora ranglisidir. Anjir jigar va taloqdagi tiqilmalarni ochadi. Ibn  Sino  anjir  mevasini  yo‘tal  qoldiruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi, ovozni ochuvchi sifatida qo‘llagan. Yana tabiblarning aytishicha, darmonsizlik, yurak beholligi, ko‘krak shamollashi va og‘rishida, bronxial astma, yo‘tal va anginada anjir va uning qoqisidan iste’mol qilish foydalidir.

Zarari: agar uni biror quyultiruvchi narsa (masalan, go‘sht) bilan yeyilsa zarari katta bo‘ladi. Anjirning  hamma  xillari  ham  moddalarning  me’da tarafiga oqib turganida ishlatish durust emas (masalan, oshqozon yara kasalligida). Uning qurug‘i shishgan jigar va taloqqa shirinligi uchungina zarar qiladi. Yaxshi pishgan anjirni ko‘p yeyish ichni dam qiladi. Agar quritilganidan ko‘p iste’mol qilinsa, odamni chanqatadi va yomon xiltli moddalarni teriga toshiradi. Agar oshqozon kuchsiz bo‘lsa, anjir sharbati yomon xilt tug‘diradi.

Anor

Mizoji: shirin anorning mizoji sovuq, birinchi darajada ham, ikkinchi darajada ham ho‘l. Po‘stining mizoji sovuq va quruq. Qabziyat paydo qiladi. Turush-nordon anor mizoji ikkinchi darajada sovuq va quruq. Nordon-shirin anorning mizoji sovuq va ho‘llikda o‘rtacha.

Ta’siri: anorning oziqlik jihati oz, lekin uni yegan odamda toza qon paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, sariq suv, jigar sustligi, sariq xastaligi, taloq kasalliklari,  yurak  o‘ynashi,  ko‘krak  qafasi  a’zolari dardi va issiqdan bo‘lgan yo‘talga shifo bo‘lib, qo‘tir va qichimani daf etadi.

Zarari: shirin anor haddan ortiq ko‘p yeyilsa, hazmni buzib, ichaklarni yallig‘lantirib, ichki devorlarni achitadi. Shuningdek, sovuq mizojli kishilarga zararli bo‘lib, jigarning quvvatini susaytiradi va erlik hafsalasini bo‘shashtiradi hamda me’dani zaiflashtiradi. Bodli bo‘lgani bois, terining qatlamlarini dag‘allashtiradi. Nordoni angina va tomoq yaralarini kuchaytiradi. Urug‘ini yeyish badhazm, me’dada bod paydo qiladi. Anor donini yeyish yo‘tali bor odamlarga zararlidir.

Anzur piyozi

Mizoji: uchinchi darajali issiq, ikkinchi darajali quruq.

Ta’siri:  siydik  yo‘lidagi  toshlarga  va  bo‘g‘im og‘riqlariga foyda qiladi.

Zarari:  issiq  mizojli  kishilarga  tavsiya qilinmaydi. Ularning ko‘nglini aynitib, bosh og‘rig‘i paydo  qilib,  badanda  toshmalar  chiqaradi.  Buning uchun iskanjubin va qand bilan iste’mol qilinadi.

                                                         Abdurashid Safarov,

                                Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi

                                                                     (Davomi bor.)