MILLIY QADRIYATLAR – MILLAT VA MA`NAVIYATNING KO‘ZGUSI

Qadriyatlar xalqimizning bebaho boyligi, jamiyatimiz, millatimiz, davlatimiz taraqqiyotining asosiy omillaridan biri. Buyuk ajdodlardan meros bo‘lib qolgan bebaho ma`naviy boylik  asl qadriyatlarimizning sarchashmasidir. Ta`lim muassasamizda “Navro‘z”, “Hosil bayrami”, “Qovun sayli” tadbirlarini o‘tkazish vositasida o‘quvchilarda milliy qadriyatlarimizda bo‘lgan hurmat va ehtirom kuchaytiriladi. Oquv jamoasida o‘zaro ahillik, ko‘tarinki kayfiyat, ijodiy hissiyotlarni vujudga keltiradi hamda Vatan bilan g‘ururlanish, tabiatni sevish va ardoqlashga intilishni tarkib toptiradi. Asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma`naviyat, adolatparvarlik, ma`rifatsevarlik kabi ezgu fazilatlari bugungi davr yoshlari uchun o‘ziga xos hayot maktabiga aylangan.

Muhtaram Prezidentimizning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilangan qarori va shu asosida Respublika Madaniyat vazirligining mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari, xalq sayillarini o‘tkazish ifodalangan buyrug‘ida amalga oshirish zarur vazifalar belgilab berilgan. Qumqo‘rg‘on tumani 11-bolalar musiqa va san`at maktabida shu qarorning  ijrosini ta`minlash maqsadida “Milliy qadriyatlar – millat va ma`naviyatning ko‘zgusi” nomli madaniy-ma`rifiy tadbir bo‘ldi.  Ta`lim massasamizning o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Ular namunali bezatilgan sahnada onalarni madh etuvchi qo‘shiqlari, milliy raqslari, cholg‘u asboblarida chalgan kuylari bilan tomoshabinlarni xursand qildi. Bu kabi tadbirlar natijasida millat, shaxsning o‘zini o‘zi anglashida uzoq yillar davomida shakllanib, amal qilib kelingan qadriyatlar, odatlar, an`analar va qarashlarning ijtimoiy-pedagogik ahamiyatini o‘rganish, uni ijodiy o‘zlashtirish bilan o‘quvchilarning barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga imkon yaratiladi.

                                                                                                        Nasiba SAXIBOVA,

Qumqo‘rg‘on tumani 11-bolalar musiqa va san`at maktabining o‘quv-ma`rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari