Qumqo‘rg‘onda mahalla tibbiyot punktlari soni yana bittaga ko‘paydi

Qumqo‘rg‘on tumani “Bo‘ston” mahallasining “Qizil qoya” qishlog‘ida mahalla tibbiyot punkti ochildi. Bundan “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan aholi rosa xursand.

Mahalla tibbiyot punktining ochilish marosimida tuman hokimi Anvar Normamatov, sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu tibbiyot shoxobchasi (konteyner) tuman markazidan 15 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, unda umumiy amaliyot shifokori, patronaj hamshira, patronaj feldsher faoliyati yo‘lga qo‘yildi va kunduzgi statsionar davolash xizmatlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.

Mazkur mahalla tibbiyot punktida faoliyat yuritadigan shifokor va patronaj hamshira, shu hududda istiqomat qilayotgan 324 ta xonadon, 1826 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. O‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan aholiga bu yerda tibbiy xizmat ko‘rsatilib, zarur bo‘lgan dori-darmon bepul tarqatiladi.

Bir so‘z bilan aytganda mahalla tibbiyot punktining foydalanishga topshirilishi aholining uzog‘ini yaqin qiladi.