O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida tuziladi va qayd etiladi deb belgilangan. Shuning uchun diniy rasm-rusumlarga binoan tuziladigan nikoh haqiqiy hisoblanmaydi va qonuniy deb tan olinmaydi. Oila kodeksi 62-moddasiga muvofiq, o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota- onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining roziligi bo‘lmasa, Oila kodeksining 61-moddasida ko`rsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilnishi mumkin.
Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramog‘ida bo‘lsa shu shaxsning arizasiga, shunungdek, bola voyaga yetganidan keyin uning o‘zi bergan arizasiga muvofiq amalga oshiriladi. Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan yashagani va umumiy ro‘zg‘or yuritgani yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganligi yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan oganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e`tiborga oladi. Uy-joy kodeksining 32-moddasiga muvofiq, turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi.
Er-xotinning ota-onasi, shuningdek, mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin. Shunday ekan, o`zaro qonuniy nikohda bo‘lmagan er-xotin uy-joy mulkdori oila a`zosi deb tan olinmaydi.
F. SHERMUXAMEDOVA,
Sherobod tuman adliya bo‘limi FHDYO bo‘limi mudirasi