OIV/OITS hayotingizni o‘zgartirishiga yo‘l qo‘ymang, nikohdan oldingi tibbiy     ko‘rikdan o‘ting!

Jamiyatimiz  minglab oilalardan tashkil topgan. Agar ushbu kichik qo‘rg‘onda barqaror va sog‘lom muhit hukm sursa, jamiyat ham  shunchalik mustahkam bo‘ladi va uning gullab-yashnashiga oila qo‘shadigan hissasi shunchalik ulkan bo‘ladi. Nikoh va oila masalasi har bir insoning hayotini, keyingi taqdirini belgilaydi, bir-biriga munosib juftliklar ko‘paysa jamiyatda  ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy muhit vujudga keladi va mamlakatni rivojlantirish imkoniyatlari kengayadi.

Shunday ekan, jamiyatning gultoji bo‘lgan, uni taraqqiyot bosqichiga olib chiqadigan sog‘lom va barqaror oilalar qurlishiga barchamiz mas’ulmiz.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning asosiy maqsadi sog‘lom oilani shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, irsiyat bilan bog‘liq va boshqa kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustda qabul qilingan qarorida ana shu xavfli kasallik turlari  bo‘yicha nikohlanuvchi  shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi muhim  shart sifatida belgilab qo‘yilgan. Ushbu qarorga ko‘ra oila qurish arafasida turgan barcha yigit-qizlar nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari majburiydir. Nikohlanuvchi shaxslarni to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Ammo ayrim ota-onalarimiz haligacha tibbiy ko‘rik masalalariga jiddiy e’tibor bilan qarashmayapti. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligining 2023 yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi OIV infeksiyasining oldini olish chora-tadbirlari va tibbiy yordamni tashkil etishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 111-sonli buyrug‘iga asosan nikohlanuvchi shaxslarda OIV infeksiyasi aniqlanganda ularning bo‘lajak turmush o‘rtoqlari OIV infeksiyasi aniqlanganligi to‘g‘risida ogohlantirilishi, bu jarayonda maxfiylikka amal qilgan holda ularning ota-onalari yoki vasiylari ham ishtirok etishlari zarurligi belgilab qo‘yilgan. Viloyat OITSga qarshi kurash markazi va viloyatdagi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘riklarni nikohdan oldin o‘tkazish, tibbiy ko‘rik maqsadi va ahamiyati mavzusida aholi orasida tushuntiirish ishlari tinimsiz  o‘tkazilayotganligiga qaramasdan bugungi kungacha statistik hisobotlarga nazar solsak tibbiy ko‘rikka yoshlarning ayrimlari to‘ydan keyin murojaat qilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Yosh oilalarning ushbu muammo sababli keyinchalik buzilib ketishlarining oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20-yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli Prezident qaroriga muvofiq 2023 yil yakunigacha Respublikamizning barcha hududlarda FHDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlik tashkil qilinadi. Buning natijasida  barcha nikohlanuvchi shaxslar to‘liq tibbiy ko‘riklardan o‘tishi,  kelajakda yosh oilalarning ajralib ketishlari, shuning oqibatida vujudga keluvchi yetimlik, turli xil nuqsonli farzandlarning tug‘ilishi kabi muammolarning oldi olinadi.

Zero,oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Sog‘lom  ota-onadan jismonan va ruhan tetik farzand dunyoga keladi. Bo‘lg‘usi ota-onalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nikohlarni qonuniy rasmiylashtirish jarayoni ana shu jihati bilan ahamiyatlidir.

Viloyat OITSga qarshi kurash markazida Ishonch telefoni doimo xizmatda.

ISHONCH: telefoni  +99876-224-25-16

Telegram: https://t.me/surxonOITS

Ishvaqti: kechayu-kunduz

Birlashaylik! Sog‘ligingiz haqida qayg‘uramiz!

            Xayit Shaimov,

   MatlyubaTashmatova,

Viloyat OITSga qarshi kurash markazi  mutaxassislari