QUMQO‘RG‘ONDA KATTA KURASH MUSOBAQASI O‘TKAZILDI

“Surxon sport hayriya jamg‘armasi” tashabbusi bilan viloyatimiz bo‘yicha “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da turuvchi boquvchisini yo‘qotgan 70 nafar oila farzandlariga sunnat to‘yi o‘tkazib  berildi.

Shu munosabat bilan Qumqo‘rg‘on tumani Alpomish sport o‘yingohida “Surxon sport hayriya jamg‘armasi” hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan sportning milliy kurash turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaga tuman hokimi, sektor rahbarlari, taniqli sport ustozlari va mashhur sportchilar tashrif buyurdi. Tuman hokimi Anvar Normamatov so‘zga chiqib yurtboshimizning o‘zbek sportiga qaratayotgan e’tiborlari, o‘zbek sportchilarining jahon arenalarida erishayotgan yutuqlarini ta’kidladi va musobaqada ishtirok etayotgan sportchilarga omad tiladi. Shuningdek taniqli sport ustasi Abdulla Tangriyev kurash musobaqsiga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, musobaqani ochib berdi.

Ushbu kurash bahslari shiddatli va murosasiz bo‘lib o‘tdi. Musobaqada qo‘shni viloyatlardan ham tashrif buyurgan mashhur kurashchilar ishtirok etib, zot uchun munosib kurash olib borishdi. Musobaqada g‘olib bo‘lgan sportchilarga qimmatbaho estalik sovg‘alari topshirildi.