30-iyun Yoshlar kuni munosabati bilan Qumqo‘rg‘on tumanida “Alpomish” o‘yingohida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga qaratilgan ko‘ngilochar-madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Festivalni tuman hokimi Anvar Normamatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ta’kidlanganidek, yoshlarning jo‘shqinligi va shijoati mamlakat taraqqiyotida beqiyos kuchdir. Ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, kelajakka ishonchini oshirish azaliy an’ana va qadriyatlarning umrboqiyligini ham ta’minlaydi. Shu bois, yurtimizda aynan yoshlar masalasiga e’tibor davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Yoshlar festivalida nafaqat tumandoshlarimiz, balki qo‘shni tumanlardan mehmonlar ham ishtirok etdi.Ish faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishgan bir guruh yoshlar yetakchilariga mahallasi yoshlari uchun vaucherlar hamda sportda yuqori o‘rinlarni qayd etgan yosh sportchilarga sektor rahbarlari tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Umuman olganda, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu ommaviy tadbir davomida shu kabi ko‘plab ijtimoiy loyihalar haqidagi xabarlar, fotogalereyalar va telelavhalar ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida keng yoritildi.
Rayhon Mengziyayeva