GIJJA KASALLIKLARIDAN O‘ZINGIZNI ASRANG!

Gijja kasalliklari yer yuzida eng keng va ko‘p tarqalgan kaslliklardan biri bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi kunda Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko‘ra, yuqumli parazitar kasalliklardan gijja kaslliklari dunyoda tarqalishi bo‘yicha nafas yo‘llari kaslliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Jumladan, bizning Respublikamizda ham gijja kasalliklari bilan har yili  250000-300000 kishi kasallanadi. Gijjalar organizmdagi tayyor ozuqa moddalarni so‘rib, tekinxo‘rlik qilib hayot kechiradi va juda ko‘p kasalliklarni keltirib chiqaradi, hattoki o‘limga olib borishi mumkin. Lekin xalqimizning gijja kasalliklari to‘g‘risida to‘liq tushunchaga ega emasliklari oqibatida juda ko‘plab insonlar ushbu kasalliklardan aziyat chekishadi.

Hozirgi kunga kelib odam organizmida parazit bo‘lib yashaydigan gijjalarning  250 xili ma’lum. O‘zbekistonda 10-12 xil gijja turlari uchraydi, ulardan 5-6 xili eng ko‘p tarqalgan.

Klinikasi. Gelmintlar odam organizmining nafas olish, ovqat hazm qilish, muskul sistemasida, jigar, o‘t pufagi, taloq, qon, miya, ko‘z va boshqa organlarda parazitlik qiladi. Parazitlar bilan zararlangan odamda orqa anal atrofi qichishadi, kechalari tishlarini g‘ichirlatadi, vazni kamayadi, qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, ich ketishi yoki bosh aylanishi, jizzakilik paydo bo‘ladi. Gijja kasalliklarida ich ketadi yoki ich ketishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish holatlari kuzatiladi. Badanga har xil dog‘lar tushishi mumkin. Gelmintozda mehnat qobiliyati pasayadi, bolalar rivojlanishdan orqada qoladi, yaxshi o‘smaydi, xotira pasayadi, uyqusi notinch bo‘ladi va hakoza.

MAKTAB VA MAKTABGACHA TARBIYA MUASSASALARIDA GIJJA KASALLIKLARIDAN SAQLANISH VA OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI

– Ta`lim-tarbiya muassasasi hamshirasi maktab yoki bog‘cha binosi hududlarida sanitariya nazoratini olib borishi, tozalik soatlari va kunlarini doimiy o‘tkazib borishlari kerak.

– Bolalarni ertalabki (filtrdan) salomatlik tekshiruvidan o‘tkazishi darkor.

– Maktab va bog‘chagacha bolalar muassasalariga yangi qabul qilinuvchi bolalarni gijja kasalliklaridan faqatgina 3 martalik tekshiruvdan ijobiy o‘tgandan so‘nggina qabul qilinishi kerak. Ushbu muassasalardagi bolalarni va 1-4 sinf o‘quvchilarini hamda o‘sha yerda ishlovchi xodimlarni 1 yilda bir marta laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish kerak.

– Agar bolalar muassasalarida  enterobioz  bilan kasallanish 15 foizdan kam bo‘lsa faqat gijja aniqlangan bolalarda, 15 foizdan ortiq bo‘lsa barcha bolalar va xodimlar gijja kasalliklariga qarshi yalpi davolanishlari kerak.

– Hamshira bolalarni shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish: tirnoqlarni tez-tez olib turish, tirnoqlarni kemirmaslik, barmoqlarni og‘ziga solmaslik, so‘rimaslik, uxlab turgandan va hojathonaga borgandan keyin, o‘ynab kelgandan so‘ng, hamda ovqatlanishdan oldin qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvishga o‘rgatishi kerak.

– Yosh bolalarni iflos yerda, hovlida emaklab yurishga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

– Har bir bola uchun o‘rin-joyi, kiyim-kechak shkafi, tuvagi va sochiqlari alohida bo‘lishi zarur.

– Bolalarning kiyimlarini alohida saqlash, bir-birlarining kiyimlarini kiydirmaslik talab etiladi.

– Bolalar o‘ynaydigan o‘yinchoqlar vaqti-vaqti bilan sovunlab yuvib turilishi lozim.

– Muassasalardan bolalar foydalanadigan hojatxonalar, hojatxona pollari, eshiklari va suv oqizadigan moslama dastalari, deraza tokchalari, stol-stullar va tuvaklar dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirilishi lozim.

– O‘ynaladigan qum maydonidagi qumlarni doimiy zararsizlantirish (dezinfeksiya), tozaligini saqlash va almashtirib turish darkor.

– Bolalarni qaynatilmagan ariq, zovur, soy suvlarini ichishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, iloji boricha artezian va vodoprovod suvidan foydalanish zarur.

– Meva va sabzavotlarni toza suvda yaxshilab yuvib, so‘ngra iste’mol qilish kerak.

– Maktab va bog‘cha oshxonalarida sanitariya normalariga qat’iy amal qilish lozim.

– Oshxonalarda pashshalarni yuqotish va idishlarning ustini berkitib quyish darkor.

– Yaxshi qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘shtnii ste`mol qilmaslik kerak.

– Ota-onalar bilan gijja kasalliklaridan saqlanish to‘g‘risida doimiy suhbatlar o‘tkazib turish zarur.

OILADA GIJJA KASALLIKLARIDAN SAQLANISH VA OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI

– Xonalar har kuni yuvilib, xonadagi palos va gilamlar chang yutgich orqali tozalanadi, eshik dastalari, mebellar, stol-stullar, tokchalar va boshqa uy jihozlari yuvuvchi eritma bilan artiladi, hovlilar suv sepib, supirilishi kerak, chunki gijja tuxumlari havo chang orqali ham (enterobioz) yuqishi mumkin.

– Quyosh tik tushuvchi kunlarda gilam, palos, ko‘rpa-tushaklarni, choyshablarni va boshqalarni 3 soat davomida oftobda shamollatish kerak.

– Har xonadonda sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalar bo‘lishi kerak.

– Askaridoz kasalligidan saqlanish uchun sabzavot va poliz ekinlariga zararsizlantirilmagan najas solmaslik talab qilinadi.

-Yer osti va usti manbalarini gijja tuxumlari bilan ifloslanishidan saqlash, najasni ariq suvlariga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, hojatxona va molxonalarni odam yashash joyidan uzoqroqqa, chekka joyga qurish.

– Oilada ariq, zovur va soy suvlaridan ichimlik suvi sifatida foydalanmaslik zarur.

– Oilaning barcha a`zolari ovqatlanish oldidan hojatxonaga kirib chiqqandan so‘ng, tomorqaga qarashda ishlagandan keyin, uy hayvonlariga qarashdan oldin va keyin qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvish kerak.

– Bozorlardan veterinariya nazorati muhri bo‘lmagan go‘shtni sotib olmang. Yaxshi qaynatilmagan yoki yaxshi qovurilmagan go‘shtni iste`mol qilmang. Xom qiymani tatib ko‘rmang.

– Oilada, asosan yosh bolalar it va mushuklar bilan o‘ynamasligi, o‘rin-ko‘rpalarga qo‘ymasligi va oshxonaga kiritmasligi kerak.

– Hojatxonalarni vaqti-vaqti bilan xlorli ohak, gipohlorid kalsiy va boshqa zararsizlantiruvchi moddalar bilan zararsizlantirib turish talab etiladi.

– Xonadonlarda gijja tarqatuvchi pashshalar, suvaraklar boshqa hashoratlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.

– Oziq-ovqat mahsulotlarini hashoratlar tegishidan saqlash va ustini berkitib quyish kerak.

– Sabzavot va mevalarni iste’mol qilishdan oldin toza suvda yuvish, so‘ngra qaynatilgan suvda chayqash lozim.

– Bolalar yotgan choyshablarni, ichki kiyimlarni qaynatib, so‘ngra yuvish, dazmollash, har kuni almashtirish, ertalab orqa chiqaruv sohasini iliq suvda sovun bilan yuvish, ichki kiyimlarni va choyshablarni almashtirish.

– Bolalarga kechqurun yotishdan oldin orqa chiqaruv sohasi atrofiga vazelin, gliserin yoki paxta yogi surtilib, toza paxta dumaloqlab (tampon) qo‘yiladi.

                                                                                                     T. ALLAYAROV,

                          Qumqo‘rg‘on SEO va JS bo‘limi vrachi