YER TUMAN HOKIMLIGI TASARRUFIGA QAYTARILDI

Yer maydoniga egalik huquqi yer uchastkalarini ajratish, davlar kadastrini yuritish kabi bir nechta muhum hujjatlar asosida beriladi. O‘zboshimchalik qilib sug‘oriladigan yer maydonini egallab olish, yashash uchun uy qurish noto‘g‘ri ekanligini hamma biladi. Tumandagi “Bobolochin” mahallasida yashovchi R. M. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bu oddiy haqiqatga zid ish qildi.

Tuman hokimligi zaxirasidagi “N. Mirzayev” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 69q-dala konturidagi sug‘oriladigan yer maydonidan 0,18 gektarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib oldi. 2021 yil mart oyidan buyon foydalanib keldi. Dastlab arpa ekdi. Keyin Rossiya davlatiga ishlagani ketdi. 2022 yil dekabr oyida uyiga qaytib keldi. 2023 yil  yanvar oyida ruxsatsiz qurilgan 17,0 x 4,0 metr hajmdagi beton poydevor ustiga 5,0 x 4,0 metr o‘lchamli   uyni bunyod etdi. Kadastr agentligi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari tekshirish o‘tkazib kamchilikni aniqladi. Noqonuniy o‘zlashtirilgan yerga qurilgan uy buzib tashlanib 2023 yil 3 aprelda dalolotnoma tuzildi.

 2023 yil 29 mayda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida shu jinoyat ishiga doir ochiq sud majlisini o‘tkazdi. R. M. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) o‘zboshimchalik bilan sug‘oriladigan yer maydonini egallab olib, qurilish ishlarini amalga oshirganini isbotladi. Bu jinoyatni qasddan sodir etgan fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. O‘zboshimchalik bilan egallab olgan 0,18 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarildi. 

                                                                F. XOLMURODOV,       Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchsi