Bosh reja asosida qurilmoqda

Tuman markazidagi Yangishahar va Bog‘aro mahallalari hududidan o‘tuvchi O‘zbekiston shoh va Beruniy ko‘chalarida kengaytirish va ikki tomondagi piyodalar yo‘laklarini qurish ishlari bosh rejaga asosan qizg‘in amalga oshirilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi yo‘lsozlari 4 kilometrlik masofada avtomobil yo‘llarini ta`mirlayapti. Bu ishga 40 nafar ishchi va 30 ta texnika safarbar qilindi. 16 ta avtomashina, ikkita greyder, ikkita kotok vositasida yo‘llarni tekislash, zichlash, asfaltlash ishlari kompleks tarzda bajarilayapti. Yo‘lsozlar har kuni 1,5 kilometr masofadagi ko‘chani asfalt qilayapti.

“Elbek Megastroy Byuldeng” MCHJ bunyodkorlari Beruniy ko‘chasadagi piyodalar yo‘llarini qayta qurayapti. 18 nafar quruvchi to‘rtta texnika va zarur asbob-anjomlardan foydalanib avtomobil yo‘lining ikki tomonidagi yo‘llarni har qachongidan keng va qulay holda bunyod etmoqda. Beton yo‘laklarda velosiped haydovchilari va piyodalar uchun yetarlicha qulayliklar yaratilayapti.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasidan 98 nafar ishchi bu ezgu ishlarda qatnashayapti. Ular to‘rtta texnika kuchidan foydalanib tuproq va obodonlashtirish ishlarini peshma-pesh bajarayapti. Qurilish ishlari nihoyasiga yetgach fuqarolar ko‘chalar bo‘yidagi tashkilotlar va idoralarga bemolol kelib-ketishadi.

N. MUHAMMADIYEV