Gulxan atrofidagi yoshlar

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida viloyatning barcha hududlarida bo‘lgani kabi 3-sektor hududida ham ko‘plab loyihalar va tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, Qumqo‘rg‘on  tumanida start olgan “Gulxan atrofidagi yoshlar” loyihasi shular jumlasidan.

Ushbu loyihada yoshlarning yashirin iste’dodlarini yuzaga chiqarish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish orqali yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish asosiy vazifalar etib belgilab olindi. “Gulxan atrofidagi yoshlar” loyihasi tadbiri tumandagi 33-maktabda o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi A. Normamatov, sektor rahbarlari hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etishdi.

Tashkil etilgan loyihada yoshlar gulxan atrofida jam bo‘lishib, jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, monologlar ijro etishib, o‘zlarining yashirin iste’dodlarini namoyon etishdi va yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, yoshlar  stol tennisi, shaxmat-shashka, voleybol kabi sport musobaqalarida qatnashib, haqiqiy iste’dodlar har bir mahallada mavjud ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Ishtirokchilarga tuman hokimi A. Normamatov, sektor rahbarlari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shunday loyihalar, tadbirlar, musobaqalarning barcha mahallalarda tashkil etilishi, yoshlarni yanada jipslashishga, halol raqobat muhitini shakllantirishga, musiqa, san’at, sportga qiziqishlarini maksimal darajada oshirishga xizmat qilishiga shubha yo‘q. Zero, kelajak bilimli, sog‘lom, vatanparvar yoshlar qo‘lidadir.

       Rayhon Mengziyayeva