XOTIRASI  UNUTILMAS QAHRAMONLAR

9 may – muhum sana. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alabaga erishilgan kun. Xalqimiz 78 yildan buyon vataniga tajovuzkorona bostirib kirgan dushmanni mag‘lub etganini qizg‘in nishonlamoqda. Vatanparvarlik tuyg‘usi yuksak bobolarimizning mardligi, jasurligi, vatanini sidqidildan qo‘riqlaganligi uchun yurtimizda tinchlik hukmron. Osmonimizda qiruvchi samolyotlar o‘rniga sayroqi qushlar uchmoqda. Turmush o‘rtog‘i, farzandi, ukalari janglarda halok bo‘lganidan yig‘layotgan ayollarning yig‘isi o‘rniga tinchlik zavqidan quvonayotgan yurtdoshlarimizning ovozi eshitilayapti. Ular shirin orzu-umidlari og‘ushida mehnat qilayapti. Hayot nashidasi, totli turmush tarzidan mamnun bo‘layotir.

Xalqimizda kelajakning porloq bo‘lishi uchun tarixni unutmaslik kerak mazmunidagi ibratli gap bor. Urush qiyinchiliklaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib tinch, farovon hayot tarzini yaratish har bir insonning burchi ekanligi yangi yutuqlar sari boshlamoqda. Inson qalbi xotiraga moyil. Hozirgidek dorilamon damlarni yaratishda ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining hissasi beqiyos. 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush qatnashchilarini va front ortida mehnat qilganlarni eslash, ularning haqiga duo qilish avlodlarning vazifasi. Bu fazilatlar tillardan dillarga ko‘chgan. Shoirlarning she`rlarida ifodalangan.

         Xotira bor ekan, tirikdir millat,

         Tirikdir iftixor, tirikdir g‘urur.

         Xotira – elni xalq etuvchi qudrat,

         Xotira – ertani yoritguvchi nur.

Tumanimizda otasi, bobosi jang maydonlarida yoshligining navqiron damlarini o‘tkazgan odamlar bor. Ular ajdodining qahramonliklaridan faxrlanishmoqda. Matonatli, qo‘rqmas qondoshidan ibrat olib vatanimizni qo‘riqlashga shay turibdi. Tinch zamon yaratilganidan xursand. Ajdodlariga chuqur hurmatining ramzi sifatida tinchlikning qadriga yetib, vatanimizni rivojlantirishga hissa qoshmoqda.

Urush qatnashchilarining xotirasi abadiy, qahramonliklari mangu. Hozir ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining aksariyati bu yorug‘ olamni tark etdi. Ularning fashizm ustidan erishgan g‘alabasining ahamiyati cheksiz.

         Ortingizda o‘zbek degan millat qoldi,

         O‘zbekiston degan ulug‘ davlat qoldi.

         Sizdan meros jasoratu shiddat qoldi,

         Sizni aslo unutmaydi ona Vatan.

                                                                                               N. MUHAMMADIYEV