Prezidentimizning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-18-sonli qaroriga muvofiq 2023-yilda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun “Agrobank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq bankiga alohida tasdiqlanadigan taqsimotga asosan 300 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 10 foiz stavkada ajratiladi.
A. AZIMOV,
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi sho‘basi boshlig‘i
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil qilinadi
Prezidentimizning “Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-22-sonli qarori bilan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti; Institut huzurida Agrobiznes sub’ektlari salohiyatini oshirish markazi – Capacity Building Center hamda Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Qo‘qon oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish texnikumi tashkil etilishi belgilandi. Institutning asosiy vazifalaridan biri oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va o‘rta biznes uchun raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan mukammal texnologlar, yetuk kadrlar va biznes rahbarlarini tayyorlash hisoblanadi. Institutda o‘qitish ingliz, rus va o‘zbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi. 2024/2025 o‘quv yilidan Institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha dual ta’lim tizimi joriy qilinadi.
SH. SAFAROV,
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi sho‘basi boshlig‘i
Paxta maydonlarni sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi
xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi
Prezidentimizning “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-23-sonli qaroriga ko‘ra, 2023 yildan: xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ular qiymatining 30 foizi qoplab beriladi; paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi. 2025 yil 1 yanvargacha import qilinadigan ayrim mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qo‘llaniladi.
M. BOBOYAROV,
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi
Tadbirkorlardan ortiqcha hujjat talab qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Tadbirkorlardan qonunchilikda nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotni, shuningdek o‘zga hujjatlarni, shu jumladan bank hisobvarag‘ini ochishda ortiqcha hujjatlarni talab qilib olish, xuddi shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish: mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa: mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
D. XUDOYQULOVA,
tuman adliya boshqarmasi bo‘limi bosh maslahatchisi