Bugungi kunda avtotransport vositalari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Avtomobillar sonining ortishi yo‘llarda harakat jadalligini kuchaytirib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalasini yanada dolzarb etmoqda. Bunda nafaqat yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, balki haydovchilar va piyodalarning mas’uliyati hamda harakatlanish madaniyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Afsuski, ayrim haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga beparvolik bilan munosabatda bo‘lib, xavfsizlik kamarini taqmaslik, belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik kabi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Bunday mas’uliyatsizlik nafaqat ularning, balki boshqa harakat ishtirokchilarining hayotiga ham xavf tug‘diradi.
Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yili respublikada 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Natijada qariyb 9 ming nafar fuqaro jarohatlangan, 2 203 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bu raqamlar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturini amalga oshirish, avariya xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni tartibga keltirish va yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda haydovchilik madaniyatini oshirish va muntazam ravishda qoidabuzarlik sodir etadigan shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, «Surunkali qoidabuzarlar» dasturini joriy etish, xavfli qoidabuzarliklarni takroran sodir etgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish choralari nazarda tutildi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda piyodalarning, ayniqsa, bolalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ham muhimdir. Shu maqsadda ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalariga oid targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, «Yashil chiroq» musobaqalarini qayta tiklash va yoshlar uchun ma’rifiy videoroliklar tayyorlash kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholining takliflarini o‘rganish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy etish belgilandi.
Shuni unutmaslik kerakki, yo‘l harakati xavfsizligi faqat tegishli tashkilotlarning vazifasi emas. Har bir haydovchi, yo‘lovchi va piyoda belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilishi, o‘z hayoti va boshqalarning xavfsizligi uchun mas’uliyatni his etishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim sharti — intizom, o‘zaro hurmat va qonun talablariga rioya qilishdir. Zero, yo‘l qoidalariga amal qilish — hayotni asrash demakdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi
M. O‘roqov