Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash va yosh avlodni turli salbiy illatlardan himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishga qonunchilikda alohida cheklovlar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 187-moddasiga muvofiq, ish joylari, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, jamoat transportining barcha turlari va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish taqiqlanadi. Mazkur talab to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar o‘tkaziladigan joylarga, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo hamda umumiy ovqatlanish obyektlariga tatbiq etilmaydi.
Ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinadi. Agar ayni huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Shunga qaramay, ayrim fuqarolar qonun talablariga beparvolik bilan munosabatda bo‘lib, tegishli xulosa chiqarmasdan huquqbuzarlikni takroran sodir etmoqda.
Jumladan, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi A. M (shaxsiy ma’lumotlar o‘zgartirilgan) ilgari ham jamoat joyida alkogol mahsulotini iste’mol qilganligi uchun MJtKning 187-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan va jarimaga hukm qilingan.
Biroq u bundan tegishli xulosa chiqarmasdan, 2026-yil 12-sentabr kuni Qumqo‘rg‘on tumani «Azlarsoy» mahallasi hududidagi ko‘chada, ya’ni jamoat joyida yana alkogol mahsulotini iste’mol qilgan.
Sud majlisida A. M sodir etgan huquqbuzarligiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, boshqa bunday holatni takrorlamasligini aytib, oilaviy sharoitini inobatga olgan holda yengillik berishni so‘ragan.
Sud tomonidan ish holatlari o‘rganilib, A. M ning harakatlari MJtKning 187-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilingan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Darhaqiqat, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish nafaqat qonun talablarini buzish, balki jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadigan holatdir. Ayniqsa, bunday xatti-harakatlarning yoshlar ko‘z o‘ngida sodir etilishi ularning tarbiyasi va kelajakdagi dunyoqarashiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, har bir fuqaro qonun talablariga rioya qilishi, jamoat joylarida o‘zini munosib tutishi va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etishi lozim. Bunday huquqbuzarliklarning oldini olishda oila, mahalla va keng jamoatchilik hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi
M. O‘roqov