ZO‘RAVONLIKDAN JABRLANGAN BOLALARGA DAVLAT HISOBIDAN YURIDIK YORDAM KO‘RSATILADI

Bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan asrash hamda huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida qonunchilikka qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, davlatimiz rahbari 2026-yil 14-oktabr kuni «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–1180-son Qonunni imzoladi.

Mazkur qonun bilan bolalarga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik va boshqa og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan yuqorida qayd etilgan jinsiy jinoyatlar hamda terrorizm uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi.

Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qo‘llanilmaydi.

Qonunda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun javobgarlik ham kuchaytirildi. Bunday huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Bundan tashqari, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotlarini tarqatganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bunda axborot mahsuloti musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi.

Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatlarda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Yana bir muhim jihati, bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilgan taqdirda, bu holat u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos hisoblanadi.

Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri — zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishidir. Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchining manfaatlarini himoya qilish uchun davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi.

Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, bunday huquqbuzarliklarning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun 2026-yil 15-oktabrdan kuchga kirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi sudya yordamchisi M. Qurbonova