Bugungi kunda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi yangi shakl va usullar bilan namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotik moddalarni internet orqali tarqatish, elektron to‘lov vositalaridan foydalanish hamda ularni yashirin joylarga qoldirish kabi usullar keng tarqalmoqda. Bunday holatlar jinoyatlarni aniqlash va isbotlash jarayonida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, giyohvandlik vositalarini pul evaziga sotish yoki bepul tarqatish o‘rtasida ijtimoiy xavflilik jihatidan farq yo‘q. Har ikki holatda ham noqonuniy moddalar boshqa shaxslar qo‘liga yetib boradi va inson salomatligi hamda jamiyat xavfsizligiga tahdid tug‘diradi. Shu bois «o‘tkazish» tushunchasining huquqiy ahamiyati alohida o‘rin tutadi.
Ilgari Jinoyat kodeksining 273-moddasida giyohvandlik vositalarini o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim harakatlarni kvalifikatsiya qilishda, xususan, sotish maqsadi va pul evaziga berish holatlarini aniqlashda muammolar yuzaga kelgan. Chunki giyohvandlik vositalarini hadya qilish, ayirboshlash yoki boshqa shakllarda noqonuniy topshirish holatlarida ularni aynan sotish sifatida baholash qiyinlashgan.
Zamonaviy narkotijoratning yangi usullari bu masalani yanada dolzarb etmoqda. Shu sababli qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Endilikda giyohvandlik vositalarini noqonuniy o‘tkazishning turli shakllariga nisbatan qonuniy baho berish, jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish va jazo muqarrarligini ta’minlash uchun huquqiy asoslar yanada takomillashtirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor jinoyatning shakliga emas, balki noqonuniy moddaning boshqa shaxsga topshirilishi va uning ijtimoiy xavfliligiga qaratiladi.
Qonunchilikka kiritilgan yana bir muhim yangilik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga taalluqlidir. Jumladan, 187-1-modda bilan jamoat joylarida giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Mazkur norma jamoat tartibini saqlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni zararli illatlardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, narkojinoyatlarni takroran sodir etish holatlarining ko‘payayotgani ham qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar ayrim og‘ir va o‘ta og‘ir narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.
Mazkur o‘zgarishlarning asosiy maqsadi — giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, narkojinoyatlarning oldini olish, takroriy jinoyatchilikni kamaytirish hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar salomatligini himoya qilishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy narkotijorat usullariga qarshi kurashishda qonunchilikni takomillashtirish bilan bir qatorda, huquqiy targ‘ibot va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Giyohvandlikka qarshi kurashish har bir fuqaroning daxldorlik hissi va mas’uliyatini talab qiladi. Zero, sog‘lom avlod va xavfsiz jamiyatni ta’minlash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi
M. O‘roqov