Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida inson manfaatlarini ta’minlash, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadi mujassam. Zero, inson qadri ulug‘langan, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatdagina barqaror taraqqiyot va adolat qaror topadi.
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarning muhim huquqiy asosiga aylandi. Unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi.
Konstitutsiyaning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq hamda Konstitutsiya asosida tan olinishi va kafolatlanishi belgilangan. Shuningdek, barcha fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlangan.
Ayniqsa, Konstitutsiyaning 20-moddasida inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, ulardan sud qarorisiz mahrum etish yoki ularni cheklashga hech kim haqli emasligi belgilangan. Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmuni ham inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilishi lozim.
Bu normalar davlat organlari faoliyatida yangicha yondashuvni talab etadi. Endilikda fuqarolar bilan munosabatlarda inson manfaatlari, qonuniylik va adolat tamoyillari ustuvor bo‘lishi, har qanday qaror va harakat qonun talablariga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
Inson huquqlarini himoya qilishning eng muhim kafolatlaridan biri — sud orqali himoyalanish huquqidir. Konstitutsiyaning 55-moddasiga muvofiq, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
Bu esa har bir fuqaro o‘z huquqi buzilgan taqdirda qonuniy himoya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega ekanini anglatadi. Sudlarning mustaqilligi, xolisligi va qonuniy qarorlar qabul qilishi odil sudlovni ta’minlashning asosiy shartlaridandir.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning shaxsiy erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan kafolatlar yanada mustahkamlandi. Aybsizlik prezumpsiyasi, shaxsning o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi, qiynoqlarga va inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘yilmasligi kabi normalar inson huquqlarini himoya qilishning muhim mexanizmlari hisoblanadi.
Inson qadri faqat uning huquqlarini e’tirof etish bilan cheklanmaydi. Fuqarolarning ta’lim olishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, mehnat qilishi, ijtimoiy himoyaga ega bo‘lishi va munosib turmush kechirishi uchun sharoit yaratish ham davlatning muhim vazifalaridandir. Shu sababli yangi Konstitutsiyada iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarga oid kafolatlar ham kengaytirildi.
Bunda har bir fuqaroning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan qonuniy foydalanishi ham muhim ahamiyatga ega. Huquqiy savodxonlikning oshishi, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va fuqarolik mas’uliyatining kuchayishi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, inson huquqlarini himoya qilish faqat davlat organlarining vazifasi emas. Har bir fuqaro o‘z huquqlaridan foydalanishda boshqa insonlarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilishi, jamiyat oldidagi burchlarini ham unutmasligi lozim.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda inson qadri, huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Konstitutsiyada mustahkamlangan ushbu tamoyillarning hayotga izchil tatbiq etilishi qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirish va adolatli jamiyat barpo etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi devonxona mudiri
Q. Zubaydullayev