Odam savdosi bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng jiddiy global muammolardan biridir. U insonning huquq va erkinliklarini poymol etib, uning hayoti, salomatligi va qadr-qimmatiga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, bolalar va chaqaloqlar savdosi ushbu jinoyatning eng ayanchli ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Odam savdosi, asosan, shahvoniy ekspluatatsiya, mehnat ekspluatatsiyasi, bolalar savdosi hamda inson a’zolarining noqonuniy transplantatsiyasi kabi shakllarda namoyon bo‘ladi.
Mehnat ekspluatatsiyasi holatlarida fuqarolar ishga joylashtirish yoki yuqori daromad va’dalari bilan aldab, og‘ir mehnatga majburlanadi. Ayrim hollarda ularning hujjatlari olib qo‘yilib, mehnati uchun haq to‘lanmaydi. Shahvoniy ekspluatatsiya esa zo‘ravonlik, tahdid va aldov orqali insonni majburlash bilan bog‘liq.
Ayniqsa, chaqaloq va bolalar savdosi insoniylikka zid og‘ir jinoyatdir. Bolalarni noqonuniy ravishda sotish, sotib olish yoki turli g‘arazli maqsadlarda ulardan foydalanish ularning asosiy huquqlarini qo‘pol ravishda buzadi. Har bir bola himoya, mehr va munosib hayot kechirish huquqiga ega.
Odam savdosi chegaralar bilan cheklanmaydigan transmilliy jinoyat bo‘lgani sababli unga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda xalqaro hujjatlarga qo‘shilib, milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida izchil ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, 2008-yil 17-aprelda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan. 2020-yil 17-avgustda esa mazkur qonun yangi tahrirda tasdiqlanib, odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid farmoni bilan bu boradagi institutsional mexanizmlar takomillashtirildi. Milliy komissiya faoliyati qayta tashkil etilib, Milliy ma’ruzachi instituti joriy etildi.
Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni aniqlash, himoya qilish va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish maqsadida milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimi ham joriy etilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan markaz faoliyat yuritmoqda.
Har yili 30-iyul kuni Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana keng jamoatchilik e’tiborini odam savdosi muammosiga qaratish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish va jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosiga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Har bir fuqaro hushyor bo‘lishi, shubhali takliflarga ishonmasligi, ayniqsa, bolalar huquqlarini himoya qilishga befarq qaramasligi lozim. Zero, inson hayoti, erkinligi va qadr-qimmati eng oliy qadriyatdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi
B. Tagayev