Bugungi kunda yurtimizda ayollarning tadbirkorlikdagi o’rni tobora
mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, mahallalarda faoliyat yuritayotgan
ishbilarmon ayollar nafaqat o’z oilasi, balki jamiyat taraqqiyotiga ham katta
hissa qo’shmoqda. Ana shunday fidoyi insonlardan biri “Gultepa”
mahallasida istiqomat qiluvchi Nilufar opa Musulmonovadir.U asli Farg’ona viloyatidan bo’lib, 2006-yilda Surxondaryo viloyatiga
kelin bo’lib tushgan. Bolaligidan hunarmandchilikka mehr qo’ygan
qahramonimiz, shunday deydi: “Dadamning onalari hunarmandchilik
bilan shug’ullangan, bu avloddan avlodga o’tib, mana men endi
momomiz qilgan ishlarni davom ettirayapman”. Dastlab faoliyatini
kichik do’kondan boshlagan, gullarni ham boshqacha mehr bilan
parvarish qiladi. Mehnatsevarligi, sabr-toqati va izlanuvchanligi sabab,
qisqa vaqt ichida ishini kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. “Inson- qo’li
gul” deb bejizga aytilmasa kerak, birgina qahramonimiz misolida
aytadigan bo’lsak, qo’l mehnati orqali o’yinchoqlar, gullar, sovg’alar,
turli hayvonlarning haykallari, bezakli o’simliklar va yana qator
hunarmandchilik mahsulotlarini yasab kelmoqda. Nilufar opa
Musulmonova: “Shogirdlarimiz bilan birgalikda qo’g’irchoqlar
yasaymiz, chaqaloqlarga korzinkachalar to’qiymiz, bundan tashqari
gullarimiz uchun sovg’abop savatchalar to’qiymiz. Qilayotgan ishlarimiz
yuz foiz qo’l mehnati”- deb ta’kidlaydi.Tadbirkorimiz, suhbatimiz davomida ayni vaqtda 80 nafar ishchini ish
bilan ta’minlaganligi, bundan tashqari 200dan ortiq shogirdlari borligi va
ularning sonini 1000 nafarga yetqizishni niyat qilib turganligini aytib
o’tdi. Faoliyatini kichkina do’konchadan boshlagan ayol, ko’pgina
qiyinchiliklarni ham boshidan o’tkazdi, bugun esa tadbirkor darajasiga
erishgan. Uning faoliyati e’tiborga olinib, viloyat hokimi tomonidan
tuman markazidan 8ta yo’nalish bo’yicha zamonaviy hunarmandchilik
kompleksini tashkil qilish uchun amaliy yordam ko’rsatiladigan bo’ldi.
Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan, tumandagi 1000 nafar ishsiz
ayollarning bandligi ta’minlanib, o’z hunariga ega bo’lishadi.
Eng muhimi, bu maskan qalblarga quvonch va go’zallik ulashmoqda.
Tadbirkor ayol mahalla obodonchiligi va xayriya ishlarida ham faol
qatnashadi. Bayram tadbirlari tashkil etish, ehtiyojmand oilalarga yordam
ko’rsatish kabi ishlarda uning hissasi katta. Shu sababli mahalla ahli uni
hurmat qiladi va yoshlar uchun ibrat deb biladi. Uning mehnati bilan
mahallalar rivojlanadi, odamlar farovon yashaydi. “Gultepa”ni gullatgan
tadbirkor ayol o’zining halol mehnati, tashabbuskorligi va mehribonligi
bilan barchaga namuna bo’lib kelmoqda.
Abduraimova Iroda,
amaliyotchi,422-guruh talabasi