



Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Insonlar ma’naviy ozuqani qaerdan oladi? Albatta, “bilimlar manbai” bo‘lmish kitobdan. Kitob bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televidenie va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi.
Qumqo’rg’on tuman axborot-kutubxona markazida ham kitobxonlikni keng targ’ib qilish yuzasidan turli amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan: 2026-yil 16-fevral kuni Respublika Ma’naviyat va marifat markazi Qumqo’rg’on tuman bo’limi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi bilan hamkorlikda «Eng faol kitobxon o’quvchi» ko’rik tanlovining tuman bosqichi bo’lib o’tdi.
Tanlovning maqsadi qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, maktab o‘quvchilarini o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishdan iboratdir.
Ushbu tanlovda tumanimizdagi barcha umumta’lim maktablarining eng faol kitobxon o’quvchilari ishtirok etishdi.
Tanlovning birinchi sharti test sinovi shaklida o‘tkazildi. Mazkur shart orqali ishtirokchilarning Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning hayoti va ijodi, ularning boy ma’naviy merosi hamda o‘qigan o‘zbek va jahon badiiy asarlari yuzasidan bilim darajasi aniqlandi.
Ikkinchi shart esa tezkor savol-javob sharti bo‘lib, ushbu shartda hakamlar hayati tomonidan badiiy hamda ilmiy-ommabop adabiyotlardan tuzilgan savollarga javob berish so‘raldi.
Tanlov yakunida hakamlar hay’ati xulosasiga ko’ra eng yuqori ball to’plagan 10 nafar o’quvchi mutloq g‘olib deb topildi. G‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari hamda viloyat bosqichida ishtirok etishi uchun yo’llanmalar berildi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviy dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillar ham uning ongu tafakkuri hamda ma’naviyati hisoblanadi.
Qumqo’rg’on tuman axborot-kutubxona markazi axborot- bibliografiya xizmati mutaxassisi Sayyora Karimova