Odam savdosining ko‘plab turlari mavjud bo‘lsa-da, ularning eng keng tarqalgan va salbiy oqibatlari og‘ir bo‘lgan to‘rt asosiy turi farqlanadi:
– shahvoniy ekspluatatsiya;
– mehnat ekspluatatsiyasi;
– chaqaloq va bola savdosi;
– inson a’zolarining noqonuniy transplantatsiyasi.
Shahvoniy ekspluatatsiya odam savdosining eng keng tarqalgan ko‘rinishi bo‘lib, jabrlanuvchilar zo‘ravonlik, tahdid yoki aldov orqali fohishalikka yoki boshqa turdagi intim xizmatlarga majburlanadi. Bunda jabrdiydalar nafaqat jismoniy salomatligini yo‘qotadi, balki umrining oxirigacha ruhiy iztirob, qo‘rquv va kemtiklik hissi bilan yashashga majbur bo‘ladi. Bu esa ularning normal hayotga qaytishini juda qiyinlashtiradi.
Mehnat ekspluatatsiyasi. Odamlar ko‘pincha ish topib berish yoki chet elda yuqori maoshli ish va’dasiga ishonib, o‘z xohishi bilan yo‘lga chiqishadi. Oxir-oqibat esa hujjatlaridan mahrum etilib, og‘ir mehnatga majburlanadi. Ularga mehnati uchun pul to‘lanmaydi yoki juda kam haq to‘lanadi. Bu faqat moddiy zarargina emas, inson qadrining toptalishi va hayotining izdan chiqishi demakdir.
Chaqaloq (bola) savdosi. Odam savdosining yana bir dahshatli ko‘rinishi – bolalar, ayniqsa, chaqaloqlarning noqonuniy savdosi. Bolalarni asrab olish bahonasida sotish, yaqinlaridan ajratib noinsoniy maqsadlarda foydalanish – bu nafaqat qonunga zid, balki axloq va insoniylikni sinovga qo‘yadigan og‘ir jinoyat turidir. Bola huquqlari bu kabi holatlarda to‘liq inkor qilinadi, ular mehr va erkin hayotdan mahrum bo‘ladi. Bu esa kelajakda jamiyatning ma’naviy asoslariga ham jiddiy tahdid soladi.
Inson a’zolarini noqonuniy transplantatsiya qilish. Ushbu jinoyat jabrdiydalari odatda og‘ir sharoitdagi aholi vakillari orasidan tanlab olinadi. Bu orqali qalloblar katta pul topishni ko‘zlab, minglab begunoh insonlar hayotidan kechishiga sababchi bo‘ladi. Mazkur jinoyatning oqibati hayotiy xavf, nogironlik, turmush sifatining yomonlashishi va jamiyatda qo‘rquv muhitining paydo bo‘lishi bilan yakunlanadi.
Odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlanmaydigan jinoyat hisoblanadi. Shu boisdan davlatimiz 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Konven¬siyaga qo‘shildi hamda 2008-yilning 17-aprelida O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.
Shuningdek, 2010-yil 30-iyulda BMT Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda ko‘plab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, 2020-yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni yangi tahrirda qabul qilingan. Uning asosiy maqsadi – odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Ushbu qonun asosida 2023-yil 21-dekabr kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligida qayta tashkil etildi.
Mazkur farmon bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarga hududlarda hokimlar rahbarlik qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi «Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu tizim jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibini belgilaydi.
Odam savdosi jabrdiydalariga har tomonlama yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida, Toshkent shahrida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
Sudya yordamchisi M.Qurbonova