Jazodan ozod qilishning turlari

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksida Jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish, Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish, Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish, Shartli hukm qilish, Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish va Amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish kabi turlari mavjud.
Xususan, jinoyat kodeksining 69-modda. Jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish
Agar hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab:
a) uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilinganda — uch yil;
b) besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — besh yil;
v) o‘n yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — o‘n yil;
g) o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda — o‘n besh yil ichida ijro etilmagan bo‘lsa, mahkum asosiy va qo‘shimcha jazolardan ozod qilinadi.
Agar mahkum ushbu moddada nazarda tutilgan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlasa, jazoni ijro etish muddati ikki baravar ko‘payadi va jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan kundan boshlab hisoblanadi, lekin yigirma besh yildan oshmasligi kerak.
Agar shaxs ushbu moddada ko‘rsatilgan muddatlar o‘tmasdan qasddan yangi jinoyat sodir etsa, muddatlarning o‘tishi uziladi. Bunday holda muddatlarning o‘tishini hisoblash yangi jinoyat sodir etilgan paytdan qaytadan boshlanadi.
Agar jazo tayinlangan kundan boshlab yigirma besh yil o‘tgan bo‘lsa, jazoni ijro etish mumkin emas.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan shaxsga nisbatan muddatlar o‘tishini qo‘llash masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud muddatlar o‘tishini qo‘llashni lozim topmasa, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ushbu Kodeksning 150 — 157-moddalarida, 158-moddasining birinchi qismida, 159-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlarida, 160, 161 va 2442-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, 70-modda. Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish
Jinoyat sodir etgan shaxs agar ish sudda ko‘rilayotgan vaqtgacha sharoit o‘zgardi yoki shaxs namunali xulqi, mehnatga yoki o‘qishga halol munosabati bilan o‘zini ko‘rsatib, ijtimoiy xavfliligini yo‘qotdi deb e’tirof etilsa, sud uni jazodan ozod qilishi mumkin.
71-modda. Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
devonxona mudiri Q.Zubaydullayev