«O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Xususan, reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatish rejalashtirilmoqda – BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha jarima (bugungi kunda 1,6 mln so‘mdan 2,3 mln so‘mgacha).
Ma’lumot: reklama tili bo‘yicha quyidagi talablar o‘rnatilgan:
1) respublika hududida reklama davlat tilida tarqatiladi;
2) reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:
– reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
– tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 %dan oshmasligi kerak;
– reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
– televideniye va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 %dan oshmasligi kerak.
Yuqoridagi talablar quyidagi hollarga tatbiq etilmaydi:
– faqat chet tillarda e’lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
– ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining televideniye, radio, video, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;
– Internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga.
Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.
Rustam Ashurov,
Oltinsoy tuman Adliya bolimi DXM bosh munaxassisi