Aliment to‘lovchi shaxs xorijga chiqishi uchun taqiqni qanday bekor qilish mumkin?

Aliment to‘lovchi shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi taqiqlangan bo‘lsa, bu holat uning qarzdorlik yoki majburiyatlarini bajarmaganligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Lekin, bunday taqiqni bekor qilish uchun qonunchilikda bir necha imkoniyatlar belgilangan. Ularning har biri aliment to‘lovchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 40-moddasiga muvofiq, undiruvchining (ya’ni aliment oluvchi shaxs – ko‘p hollarda sobiq turmush o‘rtoq) roziligi zarur. Undiruvchi o‘z arizasida ijroni to‘xtatish haqida davlat ijrochisiga murojaat qilishi mumkin. Bunday rozilik berilganda, davlat ijrochisi xorijga chiqish taqiqini bekor qiladi.

Ikkinchidan, aliment to‘lovchi shaxs alimentlarni oldindan to‘lashi mumkin. Bunda aliment summasi kelajakdagi davr uchun to‘liq qoplangan bo‘lishi shart. Yoki aliment majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuziladi. Bu holda garov qiymati qonun bo‘yicha belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan kam bo‘lmasligi lozim. Davlat ijrochisi buni tasdiqlagan hujjat asosida xorijga chiqish taqiqini bekor qiladi va manfaatdor tashkilotlarni bu haqda xabardor qiladi.

Uchinchi yo‘l esa taqiqqa nisbatan sudga shikoyat qilish yoki prokuror tomonidan qarzdorlikni bekor qilishga doir protest taqdim etilishidir. Agar sud yoki prokuror qarorni bekor qilsa, xorijga chiqish taqiqini olib tashlash mumkin bo‘ladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, alimentlarni oldindan to‘lash yoki garov taqdim etish imkoniyati faqat aliment to‘lovidan qarzdorlik mavjud bo‘lmagan holda amalga oshiriladi. Agar qarzdor oldindan to‘lov qilsa yoki garov shartnomasi tuzilsa, davlat ijrochisi xorijga chiqish taqiqini bekor qilish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi.

Xulosa qilib aytganda, aliment to‘lovchi xorijga chiqishi uchun qonunga muvofiq uchta yo‘ldan birini tanlashi mumkin: 1) undiruvchi roziligiga erishish, alimentlarni oldindan to‘lash;

2)garov taqdim qilish;

3) sud yoki prokuror orqali qarorni bekor qilish.

Har bir holatda aliment to‘lovchining qonunchilik talablariga muvofiq ish yuritishi muhim.

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy axborot sho‘basi bosh maslahatchisi Bunyod Avazov