O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG’I- MILLIY G’URUR VA IFTIXORIMIZ TIMSOLI!

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG’I- MILLIY G’URUR VA IFTIXORIMIZ TIMSOLI!
Tarixdan ma’lumki, Vatan ramzlari doimo ulug’ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulug’ maqsad yo’lida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida e’zozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli o‘tmishi va buyuk kelajagi, asriy an’ana va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan.
Buyuk o‘tmish, shonli tarixga ega xalqimizning davlat barpo etish g‘oyasi, umuminsoniy qadriyatlapga sodiqligi, eng avvalo, o‘zining davlat ramzlarida aks etgan. O‘z ramzlariga ega bo‘lgan davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi.
Biz uchun mustaqillikning muqaddas ramzi – davlatimiz bayrog‘i doimo azizdir. Shu bois, bayrog‘imizga nazar solar ekanmiz, bayrog‘imiz baland-balandlarda hilpiraganda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhiy quvvatni, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini his etamiz.
Mustaqilligimiz timsoli bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Ayniqsa, milliy bayrog‘imizning davlat idoralari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, xorijdagi elchixona va vakolatxonalarimiz binosida hilpirab turishi, turli bayram va tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini o‘zida namoyon etishi barchamizga iftixor baxsh etib, qalblarimizni yayratadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrogʻi va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

  1. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi.
  2. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli.
  3. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
  4. Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
  5. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog’liq. Ayni paytda u qo’lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
  6. Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o’n ikki yulduzga bo’lgan e’tiborimiz O’zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.Davlat bayrog’imizdagi 12 yulduz tasvirini o’zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o’z tuprog’ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
    Yurtdoshlarimiz jahon maydonida ulkan g‘alabalarga erishgan chog‘ bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘targanda, davlat gerbini o‘pib, peshonamizga to‘tiyo etganimizda, davlatimiz madhiyasi yangraganda beixtiyor qalblarimiz jumbushga kelib, ko‘zlarimizda sevinch yoshlari qalqiydi. Albatta, jasur Vatan o‘g‘lonlari yuksak g‘alabalar nashidasini nishonlashda davlat ramzlariga faxr bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qiladilar. Biz uchun bayroq ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzidir. Davlatimiz bayrog‘ini beixtiyor Vatan suratlariga qiyoslasak bo‘ladi. O‘zbekiston quyoshli o‘lka, buyuk tarix, ma’naviyat va madaniyat yaratgan zamindir.
    Bugun Yangi O‘zbekiston dunyo sahniga kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakat sifatida jadal odimlamoqda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – Yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi” (Vatanimiz mustaqilligi – biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbayi, taraqqiyot va farovonlik asosi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi). Zero, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan yangilanish va islohotlar dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
    Bugun Yangi O‘zbekistonni porlayotgan quyoshga qiyoslasak, undan taralayotgan ilm-u ziyo nuri ko‘hna zaminga merosdir. Davlatimiz bayrog‘i xalqimizning irodasini toblab, elni ezgulik, ulug‘ va buyuk maqsadlar sari birlashtirib xalqimizga ruhiy quvvat beradi. Milliy bayrog‘imiz juda chiroyli, unda ulug‘vorlik, ezgulik, tariximiz aks etadi.
    Tarixdan ham ma’lumki, tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi o‘nlab sarkardalar hayoti bugun bizga katta ibrat. Zero, Jaloliddin Manguberdi qo‘lida baland ko‘tarilgan bayroq tarix sahifalarini bezaydi, Shayx Najmiddin Kubroning vatanparvarlik jasorati ila ozodlik uchun “Yo vatan, yo sharofatli o‘lim” deya so‘zlagan otashin da’vati qalblarni jumbushga keltiradi. Amir Temur zakovati va sarkardalik mahorati uyg‘unlashgan bayroqda ulug‘ vatanparvarlik mujassam. Shonli tariximizning zalvorli sahifalarida hamon Amir Temurning buyuk qahramonligi xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka undaydi.
    Buyuk sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanat dovrug‘i dunyoda doston bo‘ldi. Bu davr davlatchiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan muhrlandi. Temur saltanatida bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turgan. Shu tariqa Temur saltanatida bayroq davlatning mustahkam va qudratli ramzi ekanligini ifoda etgan.
    Hozirgi vaqtda esa bayroqlar davlat mustaqilligining asosiy ramzi sanalib, unda mamlakatning milliy mintaliteti va tarixi aks etadi. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug’ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir
    Ayniqsa, mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan kunni bayram sifatida nishonlash nafaqat mamlakatimizda o‘zgacha g‘urur va iftixor bilan, balki xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham keng nishonlanib kelinmoqda.
    Bayrog‘imiz 1992 yilning 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, qariyb o’ttiz ikki yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.
    Hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrog‘i mustaqillik va milliylikni o‘zida aks ettirib vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etadi. Albatta, mana shunday shirin lahzalar har bir vatandoshimizda yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin namunasini namoyon etadi. Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo‘lib unda xalq tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topadi. Xulosa qilib aytganda, davlatimiz bayrog‘i xalqimiz or-nomusini uyg‘otuvchi beqiyos kuch sifatida ozodlik, vatanni sevishga da’vat etib, milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qumqo’rg’on tumanlararo
iqtisodiy sudi devonxona mudiri J.Allaberdiyev