Milliy o‘zlikni anglash

«Milliy o‘zlikni anglash» tushunchasi o‘zining murakkab ma’no-mazmuni bilan alohida ajralib turadi. Chunki uning o‘zagini tashkil etuvchi «milliy» va «o‘zlikni anglash» tushunchalari turli xil tahliliy hamda tanqidiy munosabatlarning shakllanishiga olib kelgan.

«Milliylik» tushunchasi ijtimoiy-siyosiy jihatidan tahlil qilinganda, jamiyatning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti mobaynida ma’lum bir millat, elatning tili, yashash hududi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, psixologik holati va dunyoqarashini o‘zida aks ettirgan murakkab voqelik sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zlikni anglash to‘g‘risidagi yondashuvlarning shakllanishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Aynan madaniyat va madaniy boyliklar yaratish ishtiyoqi, zaruriyati xalq, millatni o‘zini anglashga undaydi, madaniyat orqali u o‘zining ijodiy kuchlarini, intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqaradi, o‘zligini to‘la namoyon qiladi.

Xalq, millat o‘zligi uchun kurashganida mavjud boyliklardan hech qanday faoliyatsiz, hech qanday evristik izlanishlarsiz foydalanishni nazarda tutmaydi, balki ularni milliy manfaatlari, milliy taraqqiyotiga mos tarzda rivojlantirish, ko‘paytirishga, jahon xalqlari orasidan munosib o‘rin egallashga intiladi. Madaniyat etnogenezda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Madaniyatsiz biror xalq, millat ijtimoiy-etnik birlik sifatida shakllangan emas. Aynan o‘ziga xos madaniyati orqaligina u mavjuddir. Shuning uchun ham xalq, millat shakllanishining tarixi – ular madaniyatining tarixidir. Undan milliy o‘zlikni anglash ham chetda qolmaydi. Hatto, aytish mumkinki, milliy o‘zlikni anglash xalq etnogenezining ham, milliy-madaniy taraqqiyotning ham asosi va yuksak cho‘qqisi sanaladi.

Ijtimoiy-siyosiy hayotning barqaror taraqqiy etishi shu hududda yashovchi barcha millat vakillarining tinch-totuv hayot kechirishi va fidoyilik bilan mehnat qilishiga bog‘liq. Chunki o‘zga millat va xalqlarni kamsitgan millat hech qachon buyuk bo‘lolmaydi. Shuning uchun ham milliy o‘zlikni anglash, bir tomondan, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, diniy e’tiqodi, urf-odati va an’nalarini hurmat qilish, ularni asrab-avaylash va rivojlantirishga ko‘maklashishni nazarda tutsa, ikkinchidan, “O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida barcha davlatlar bilan teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilish, ularning ichki ishlariga aralashmaslik, umuminsoniy qadriyatlarga sodiqdik, tinchlik va xavfsizlikni asrab-avaylash, xalqaro huquq, me’yorlarining ustuvorligi kabi tamoyillarga amal qiladi”. Demak, milliy o‘zlikni anglash milliylik tamoyillari va umumbashariy o‘zlikni anglashni uzviy bog‘liqlikda ko‘rishga da’vat etib, milliy va umuminsoniy mohiyatining aks etishiga olib keladi.

Milliy o‘zlikni anglash muammosi bevosita «millat» tushunchasi bilan bog‘liq. Millat murakkab etnik birlik hisoblanadi. XX asrning 80-yillari oxirida «millat» tushunchasiga ta’rif berishda bir qator olimlar asarlarida milliy o‘zlikni anglash omiliga ustuvorlik berish kuzatila boshlandi. Milliy o‘zlikni anglashda muayyan millat vakili o‘zining ma’lum bir etnik birlikka, jamoaga tegishli ekanini his qilish jarayoni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur muammoni millat tushunchasidan ajratgan holda tahlil qilib bo‘lmaydi. Chunki millat milliy o‘zlikni anglashning obyekti, ya’ni bilish sohasi hisoblanadi. Shu bois bu tushunchaning qator adabiyotlarda keltirilgan mazmuni tahlilini keltirishga harakat qilamiz. «Millat», «milliy», «milliylik» kabi tushunchalar tilimizga arab tilidan VIII asrda kirib kelgan. Ushbu tushunchalarning negizida «mil» so‘zi yotadi. «Mil» so‘zi arab tilida «o‘zak», «tub mohiyat», «negiz» ma’nolarini anglatadi. «Millat» tushunchasi esa keng miqyosda qo‘llanib, bir necha ma’noni beradi: 1) din, diniy jamoa; 2) ummat, ma’lum dinga e’tiqod qiluvchilar jamoasi; 3) xalq, millat kabi ma’nolarni anglatadi.

                        M. ALIYEV,

“Axadxon” jome masjidi imomi