Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari va ruboiylarida Ona Vatan madhi!

Vatandan shirinroq narsa yoq. Axir, odamlar nimaniki muqaddas deb hisoblasa, nimaniki teran mazmun bilan sug‘orilgan deb bilsa, bularning barini ularga Vatan o‘rgatgan emasmi? Mayli, ko‘pgina odamlar ozga yurtlarning qudrati-yu ajoyibotidan zavqlansin, imoratlarning dabdaba-yu vasvasasiga qoyil bolsin, lekin hamma Vatanini sevadi. O‘zga yurtning behisob mojizalarini ko‘pchilik ko‘rgan, ammo hech kim ularga mahliyo bo‘lib o‘z yurtini unutib qo‘ygan emas-ku?!. Negaki, ” Vatan” sozi odamga ham jasorat bag‘ishlaydi. Ulug‘ bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida so‘z borar ekan, uning tariximizda, adabiyotimizda beqiyos o‘rin tutganiga ahamiyat qaratish joiz. Ayniqsa, shoirning mumtoz she`riyatimizda yangicha ruh – Vatan va unga bo‘lgan ishq ulug‘vorligi yo‘g‘rilgan she`rlari diqqatga sazovordir.

Darhaqiqat, Bobur ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘pgina she`rlari hasbi hol mazmunida bo‘lib, mavzu jihatdan vatan va unga bo‘lgan sog‘inch asosiy o‘ringa chiqdi. Uning ijodida o‘z hayoti bilan baqamtilik sezilib turadi: shoh sifatida boshiga tushgan qiyinchiliklarni qog‘ozga tushirdi. Zero, vatandan ayrilik, Vataniga hukmdor bo‘lolmagani shoir nazdida o‘z “xato”laridan biri ekanligini yozdi.

Tarixiy asarlarga nazar tashlar ekanmiz, o‘sha davrda Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy muhit Boburning yurtda uzoq vaqt hukmdorlik qilishiga yo‘l bermagan. Boburning o‘zi xususidagi yuqoridagi ayblovi esa uning o‘ziga nisbatan talabchanligidan, kamtar inson bo‘lganidan dalolat beradi. U benihoyat aziyat chekib, o‘zga yurtga (avval Kobulga) ketishga majbur bo‘ladi. Shoir bu haqda quyidagi g‘azalda shunday deydi:

El bilmasa holatim, bilur yor,

Holimdin erur Xudoy ogoh.

Kobul sori gar azimat etsang,

Qurbon qilay o‘zni sanga, ey shoh!

Bobur yana o‘tluq oh chekting,

Kuydurmasun elni oh nogoh!

Ko‘rinadiki, Bobur hayotidagi turli qiyinchiliklar, qarama-qarshiliklar, garchi u zakovat bobida ham munosib tarbiya ko‘rgan bo‘lsa-da, uning aql charxini yanada o‘tkirlab, donishmandga aylantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma`lumki, Bobur adolatli podshoh sifatida, hukmron bo‘lgan yurtlarda ham adolatli siyosat yuritdi. Xalqni ma`rifatga, bunyodkorlikka chorladi. Ma`naviy hayotga salbiy ta`sir etuvchi omillardan voz kechib, jamiyat hayotida ularni ta`qiqlab qo‘ydi. Hind xalqi hayoti va madaniyatining gullab-yashnashiga yuksak hissa qo‘shdi. O‘zining ilm-u irfoni bilan ma`rifatni yanada rivojlantirdi. Ammo umr bo‘yi uning xayolini Vatan, unga bo‘lgan intilish band etdi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul andadur chun joni Boburning,

G‘aribing‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydir.

Demak, Bobur ijodida vatan motivi g‘oyat yuksak ahamiyat kasb etadi. Zero, u o‘zga yurtda oshyon qurgan bo‘lsa-da, o‘z yurtini, o‘zligini unutmagan chin o‘zbek farzandidir.

                                                             M. ABDURAHMONOV,

         Ma`naviyat va ma`rifat markazi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi